Mi 10T hamda Mi 10T Pro flagmanlari taqdim etildi: narx va jihatlari, rasmiy anboksing videosi

  •   DiMaX
  •  9316
  •  02.10.2020 13:09

Mi 10T hamda Mi 10T Pro flagmanlari taqdim etildi: narx va jihatlari, rasmiy anboksing videosi

«Xitoycha Apple» kuni kecha o‘zining Xiaomi Mi 10T hamda Mi 10T Pro smartfonlarini namoyish qildi. Ularning ko‘p jihatlari bir xil bo‘lib, quyida ular bilan tanishib chiqamiz.

O‘QING: Smartfon bozorida lider o‘zgardi, Xiaomi esa Apple’ga deyarli yetib oldi!

Ikkala model ham Snapdragon 865 protsessori bazasida ishlaydi va Yevropa bozoridagi mazkur chipsetga tayanuvchi eng arzon smartfonlardan bo‘ldi. Ularning bir xil jihatlari bir talay bo‘lib, dastlab shu umumiy xususiyatlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Xiaomi Mi 10T ham, uning Pro-versiyasi ham diagonaliga 6,67 dyuymlik, IPS matritsali ekranga ega. Displeyda tasvir aniqligi 2440x1080 piksellik bo‘lsa, kadr yangilanish chastotasi 144 gersga teng. Ekranning yuqori chap burchagida ochilgan tirqishga 20 megapiksellik old kamera joylangan. Bu ikki smartfonning ekrani kabi, korpusining o‘lcham va vaznlari ham bir xilda – tegishlicha 165,1x76,4x9,33 millimetr va 218 gramm keladi.

Smartfonlarning akkumulyatorlari 5000 mA/soatlik bo‘lib, 33 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Xiaomi ularni 5G- modem, NFC adapteri, infraqizil porti hamda ikkita SIM-karta sloti bilan ta’minlagan. Ularda daktiloskopik datchik bir xilda korpusning yon qirrasiga o‘rnatilgan. Flagmanlarning ikkalovi ham Android 10 bazasida tayyorlangan MIUI 12 grafik qobig‘i asosidagi proshivka bilan taqdim etilgan.

O‘QING: Xiaomi va Redmi smartfonlariga MIUI 12 tarqatilishining uchinchi to‘lqini boshlandi

Endi bu ikki modelning farqlariga keladigan bo‘lsak, Xiaomi Mi 10T modeli 6 va 8 gigabaytlik LPDDR5 toifali tezkor xotira hamda 128 gigabaytlik UFS 3.1 standartidagi doimiy xotira bilan taklif etiladi. Uning bosh kamerasidagi asosiy sensor 64 megapiksellik bo‘lib, optik barqarorlashtirish tizimiga ega emas.

Xiaomi Mi 10T Pro esa faqat bir xil – 8 gigabaytlik LPDDR5 turidagi tezkor xotirali, lekin 128 hamda 256 gigabaytlik UFS 3.1 toifali ichki xotira bilan bozorga chiqariladi.

Pro-versiyaning asosiy afzalligi – bosh kamerasida: undagi 108 megapikellik datchik tasvirni optik barqarorlashtirish tizimi bilan ta’minlangan. Ikkinchi modul 13 megapiksellik bo‘lib, 123 darajali ko‘rish burchagiga ega bo‘lgan o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan birikkan. Uchinchi – 5 megapiksellik sensor avtofokusga ega; makros’yomka uchun ham 5 megapiksellik datchik qo‘llanadi.

Anglab yetganingizdek, Xiaomi Mi 10T hamda Mi 10T Pro kameralarida faqat asosiy datchik farq qiladi, lekin bu ikkala smartfon ham soniyasiga 30 kadr tezligida 8K-video yozib olishga qodir.

O‘QING: Xiaomi, Redmi, Poco va Black Shark smartfonlaridan qaysilari va qachon barqaror Android 11’gacha yangilanadi?

Quyida Xiaomi Mi 10T Pro modelining rasmiy anboksing videosini tomosha qilamiz:

Eng qiziq joyi – narxlariga keladigan bo‘lsak, Yevropa bozorida bu smartfonlar quyidagicha baholangan:

Xiaomi Mi 10T 6/128 GB — €499

Xiaomi Mi 10T 8/128 GB — €549

Xiaomi Mi 10T Pro 8/128 GB — €599

Xiaomi Mi 10T Pro 8/256 GB — €649

Kompaniya ushbu ikkita flagmandan tashqari, ularning arzonlashtirilgan varianti – Xiaomi Mi 10T Lite modelini ham taqdim etgan, u haqda keyinroq alohida to‘xtalamiz.

O‘QING: Redmi eng arzon smartfonini ham eng kuchli modifikatsiyada chiqardi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!