Mi Band 5 namoyish etildi: Xiaomi’ning ideal smart-brasletini «jonli» videoda ko‘ramiz!

  •   DiMaX
  •  1359
  •  11.06.2020 15:48

Mi Band 5 namoyish etildi: Xiaomi’ning ideal smart-brasletini «jonli» videoda ko‘ramiz!

2019 yilning yozidan beri kutilayotgan Xiaomi Mi Band 5 aqlli bilaguzugi Xitoyda bugun – 11 iyunda taqdim etildi. Boshqa turdoshlarida mavjud bo‘lgan noqulaylik va kamchiliklar bunisida bartaraf etilgan va natijada ideal fitnes-brasletga aylangan.

O‘QING: Mi Band 5’ning boshqalardan farqli 7 jihati va yangi rasmlari

Odatda fitnes-trekerlarni quvvatlash uchun uning kapsulasini tasmachadan olib, zaryadchikka ulash kerak bo‘lar edi. Xiaomi Mi Band 5 modelida esa bunaqa noqulaylik yo‘q – magnitli quvvatlagichni shundoqqina korpus ostidan «yopishtirib» qo‘yish kifoya!

 

Mi Band 5 tasvir aniqligi 126x294 piksellik, o‘lchami esa diagonaliga 1,1 dyuymlik AMOLED ekran bilan jihozlangan; bu esa Mi Band 4 modelidagidan 20 foizga katta. Yangi aqlli treker yuzdan oshiq animatsiyali siferblatlarga ega, ularda turli multfilmlar va animelar qahramonlari aks etgan.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, Mi Band 5 bilaguzugida foydalanuvchining faolligini yanada aniq va tezkor aniqlash uchun yaxshilangan protsessor qo‘llashgan. Unda sportning 11 turidagi faollikni kuzatishdan tashqari, ayollar uchun hayz davriyligini nazorat qilib borish funksiyasi ham bor.

O‘QING: Xiaomi biryo‘la ikkita – Mi Band 5 hamda Mi Band 4C fitnes-bilaguzuklarini chiqaryapti

Xiaomi Mi Band 5 modelida uyquni nazorat qilish funksiyasi yaxshilangan, atmosfera bosimini monitoring qiluvchi tizim – barometr hamda smartfon kamerasini masofadan boshqarish funksiyasi ham qo‘shilgan. Yurak ritmini uzluksiz tarzda monitoring qilib turish uchun BioTracker PPG datchigi o‘rnatilgan. Yurak ritmi asosida jismoniy faollikni o‘lchovchi va kerakli tavsiyalar beruvchi PAI (Personal Activity Intelligence) indeksini qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi smart-bilaguzuk akkumulyatorining tok sig‘imi 125 mAsoatni tashkil etadi va buning evaziga qurilma bitta quvvat bilan 14 kundan 20 kungacha ishlay oladi. Mi Band 5 korpusining suvdan himoyasi avvalgi darajasida – 5ATM holida qolgan. Devays zamonaviy Bluetooth 5.0 moduli bilan ta’minlangan, uning bitta versiyasi NFC chipiga hamda Xiao AI ovozli yordamchisiga ham ega.

Quyidagi «jonli» videoda Mi Band 5 bilan batafsil tanishish mumkin:

Xiaomi mazkur gadjetini 18 iyundan Xitoyda sota boshlaydi. Uning NFC modulli versiyasi 32 dollar turadi, mazkur chipga zarurati bo‘lmaganlar esa 27 dollarlik talqinini tanlashlari mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi yana to‘rt xil smartfon egalarini global MIUI 12’ni o‘rnatib olishga chaqiryapti!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!