Mi Mix Fold taqdim etildi: ilk Xiaomi buklamafoni, suyuq linzali kameraga ega birinchi smartfon! (+video)

  •   DiMaX
  •  1753
  •  31.03.2021 16:24

Mi Mix Fold taqdim etildi: ilk Xiaomi buklamafoni, suyuq linzali kameraga ega birinchi smartfon! (+video)

Xiaomi kompaniyasi 29 martdagi mega-taqdimotini Mi 11 Pro smartfoni anonsi bilan boshlagan edi. Biroq tadbirning bosh qahramoni – Xiaomi Mi 11 Ultra premium-flagmani DxOMark reytingida birinchi o‘ringa chiqib ulgurdi. Shuningdek, bulardan tashqari yana Mi 11 Lite hamda Mi 11 Lite 5G smartfonlari ham taqdim qilindi.

O‘QING: Eng ko‘p qaysi smartfonlarning qalbakilari chiqyapti? (AnTuTu reytingi, 2021 yil fevral)

Mega-namoyish 30 mart kuni ham davom etdi va «Xitoycha Apple» unda anchadan beri kutilayotgan buklamafonini keng jamoatchilikka ko‘rsatdi. Xiaomi Mi Mix Fold nomini olgan ushbu qurilma kompaniyaning birinchi buklamafoni bo‘lishi bilan birga, Mi Mix turkumining uzoq tanaffusdan keyin chiqqan vakilidir.

Tadbirning birinchi kuni ko‘rsatilgan Xiaomi Mi 11 Ultra modelini mubolag‘asiz flagmanlar orasida qirol deyish mumkin bo‘lsa, ikkinchi kuni taqdim etilgan Mi Mix Fold unisidan ham zo‘r chiqdi.

Displeylar

Xiaomi Mi Mix Fold smartfoni katta – diagonaliga 8,01 dyuymlik qayishqoq OLED-displey bilan jihozlangan. Tomonlari o‘zaro 4:3 nisbatli ekran 2480x1860 piksellik aniqlikda tasvir uzata oladi. Maksimal yorqinligi 900 nit bo‘lgan displey HDR10+ hamda Dolby Vision texnologiyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfon bukilganida egiluvchan displey korpusning ichkari qismida qoladi, yoyilganida esa kichikroq planshetga aylanadi. Mi Mix Fold uchun Xiaomi maxsus U-simon oshiq-moshiq ishlab chiqqan va u boshqa kompaniyalar buklamafonlarida qo‘llanganlaridan 27 foizga yengil.

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, sinovlarda bu sharnir va displey 200 mingta, keyin yana 1 million marta ochilib-yopilishga yaragan.

Mi Mix Fold korpusining tashqi tomonida yana bitta – 6,52 dyuymlik AMOLED-ekran joylashgan. Uning aniqligi 840x2520 piksellik, tomonlari o‘zaro 27:9 nisbatda. Bu displey ham HDR10+ va Dolby Vision texnologiyalariga ega, kadr yangilanishi 90, sensor qatlamning yangilanishi esa 180 gerslik chastotali.

Kamera

Odatda buklama smartfonlarda displey birinchi o‘rinda turardi, ammo Mi Mix Fold modelining asosiy faxri – uning kamerasidir! Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflangan 140 million yuan (taxminan 21 317 080 AQSh dollari) miqdoridagi mablag‘ va bir necha yillik mashaqqatlar samarasi o‘laroq, uning kamerasi boshqacha chiqqan.

Xiaomi tasvirlarga ishlov berish uchun kameraga o‘zining Surge C1 chipini joriy etgan. Bundan tashqari, teleob’yektivda suyuq linza ishlatilgan – bunaqasi umuman mobil industriyada bo‘lgan emas!

Bu – maxsus shaffof suyuqlik bilan to‘ldirilgan qayishqoq plyonka bo‘lib, xuddi insonning ko‘zi kabi, o‘z shaklini o‘zgartira oladi. Bundan tashqari, suyuq linza -40°C dan to 60°C gacha haroratga bardoshli va zumni 3 karralikdan 30 karralikkacha sozlash imkonini beradi. Ob’yektiv fokusirovkasining minimal masofasi atigi 3 santimetrni tashkil etadi, bu esa makrosuratlar olishda muhim o‘rin tutadi. Va bularning barchasi ortida 8 megapiksellik optik sensor turadi.

Bosh kamera jamlanmasida yana 108 megapiksellik ISOCELL HM2 datchigi qo‘llangan, u to‘qqizta pikselni bitta qilib birlashtira oladi. Uchinchi – 13 megapiksellik sensor esa keng burchakli (ko‘rish burchagi 123 darajali) ob’yektivga ega.

Smartfonning kichik ekrani yuqori o‘ng burchagidagi tirqishga esa 20 megapiksellik selfi kamerasi o‘rnatilgan.

Boshqa jihatlari

Xiaomi Mi Mix Fold eng ilg‘or Android-protsessor – Snapdragon 888 bazasida tayyorlangan hamda LPDDR5 toifali tezkor va UFS 3.1 standartidagi doimiy xotira chiplari bilan ta’minlangan. Uning qizib ketmasligi uchun yaratilgan sovitish tizimi katta bug‘ kamerasini, termogelni va bir necha qatlam grafit varaqchalarni o‘z ichiga olgan.

Buklamafon akkumulyatori 5020 mA/soatlik tok sig‘imiga ega aniqrog‘i – u har biri 2460 mA/soatlik ikkita qismdan iborat. Qurilma 67 vattlik tezkor quvvatlanadi, lekin simsiz zaryadlanish qobiliyati yo‘q. Smartfonning to‘rtta dinamigi Harman Kardon tomonidan sozlangan; barmoq izi skaneri yon tomonga o‘rnatilgan va NFC moduliga ega.

Standart versiyadagi Mi Mix Fold orqa qopqog‘i Gorilla Glass toblangan shishasidan ishlangan. Bundan tashqari, maxsus Ceramic Special Edition talqini ham chiqadi – uning qora tusli orqa paneli keramikadan ishlangan va lazerli gravirovkaga ega, yana tugmachalari oltindan yasalgan.

Narxi-chi?

Xiaomi mazkur mahsulotini 16 apreldan boshlab Xitoyda sotadi. Uning uchun tezkor/ichki xotira konfiguratsiyasiga qarab quyidagicha narxlar belgigangan:

  • Mi Mix Fold 12/256 GB — $1520/€1300
  • Mi Mix Fold 12/512 GB — $1670/€1430
  • Mi Mix Fold 16/512 GB — $1970/€1700

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Mi Mix Fold asosiy raqiblari – Samsung hamda Huawei buklamafonlaridan bir yarim baravarga arzon. Afsuski, Xiaomi uni global bozorga (har holda, hozircha) chiqarmoqchi emas.

O‘QING: Xiaomi 2020 yilda qancha foyda olganini ma’lum qildi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!