Mi Pad 4 Plus – Xiaomi’ning yangi, atigi 275 dollarlik, metall korpusli, eng yirik plansheti

  •   DiMaX
  •  1356
  •  14.08.2018 17:51

Mi Pad 4 Plus – Xiaomi’ning yangi, atigi 275 dollarlik, metall korpusli, eng yirik plansheti

«Xitoycha Apple» turli-tuman gadjetlar bilan hammani lol qoldirib charchamayapti. Bugun – 14 avgust kuni ushbu kompaniya Mi Pad 4 Plus planshetini rasman namoyish etdi.

O‘QING: Atigi 170 dollarlik, ammo metall korpus va «aqlli» kameraga ega Xiaomi Mi Pad 4 taqdim etildi

Xiaomi bu gal ortiqcha shov-shuv qilib o‘tirmasdan, Mi Pad 4 Plus haqidagi ma’lumotlarni saytda e’lon qilib qo‘yaqoldi. Mazkur planshet metall korpusga hamda diagonaliga 10,1 dyuymlik ekranga ega. Romlari yupqalashtirilgan displeyning tasvir aniqligi 1920x1200 pikselni tashkil etadi.

Mi Pad 4 Plus uchun Snapdragon 660 protsessori tanlangan, u 4 gigabaytlik tezkor xotira bilan hamkorlikda ishlaydi. Planshetning akkumulyatori 8620 mA/soatlik tok sig‘imiga ega. Asosiy kamerasi 13 megapiksellik aniqlikda; 5 megapiksellik old kamerasi esa yuz skaneri bilan ta’minlangan – u egasining qiyofasi yordamida qurilmani qulfdan chiqara oladi. Shuning uchun ham bu gadjetga barmoq izi datchigi tatbiq etilmagan.

Xiaomi ushbu devaysiga 4G hamda GPS modullari bilan ta’minlagan. Korpusga esa ham an’anaviy 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi, ham zamonaviy USB Type-C porti o‘rnatilgan. Qurilma Android 8.1 Oreo operatsion tizimi bazasidagi MIUI 10 grafik qobig‘i bilan ishlaydi.

Yangi planshet savdosi 16 avgustdanoq boshlanishi aytilmoqda. Xaridorlar uning qora yoki tillarang korpusli variantini olishlari mumkin bo‘ladi. Doimiy xotirasi 64 gigabaytlik Mi Pad 4 Plus uchun 275 dollar, uning 128 gigabaytlik talqini uchun esa 305 dollar narx belgilangan.

O‘QING: Mi Pad 4 LTE plansheti arzon narxda sotuvga chiqarildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!