Microsoft allaqachon «janozasi o‘qilgan» Windows 7’ni kutilmaganda bepul yangilayapti!

  •   DiMaX
  •  1524
  •  28.01.2020 11:37

Microsoft allaqachon «janozasi o‘qilgan» Windows 7’ni kutilmaganda bepul yangilayapti!

Xabaringiz borki, Microsoft korporatsiyasi joriy yilning 14 yanvar kuni Windows 7’ning iste’molchilarga mo‘ljallangan versiyasini qo‘llab-quvvatlashni rasman to‘xtatgan. Lekin mazkur operatsion tizim talqinining «janozasi o‘qilgan» bo‘lsa-da, uni butkul «dafn etish»ga hali erta ekan.

O‘QING: Putin xavfli operatsion tizim ishlatishi ma’lum bo‘ldi

Xullasi kalom, Microsoft kutilmaganda Windows 7 uchun yana bitta bepul apdeyt chiqarishini e’lon qildi, deb yozadi The Verge nashri. Biroq buni foydalanuvchilar uchun tuhfa degandan ko‘ra, o‘z aybini yopish deb atash to‘g‘riroq bo‘lar edi.

Gap shundaki, kompaniya shu yilning boshida Windows 7 uchun so‘nggi – KB4534310 raqamli yangilanishni tarqatgan edi. Biroq ushbu apdeytni o‘rnatib olgan foydalanuvchilar undagi xatoliklardan shikoyat qila boshlashdi. Jumladan – o‘rnatilgan oboylar o‘rniga qop-qora fon paydo bo‘lib qolgan.

Microsoft uzoq vaqt bu borada biror izoh bermasdan kelib, nihoyat, mazkur kamchiliklarni bartaraf etuvchi yangilanish chiqarishini aytdi. Shu tariqa, korporatsiya millionlab foydalanuvchilar haliyam ishlatib kelayotgan Windows 7’ning «so‘nggi nafas olishi»ga imkon bermoqda.

O‘QING: 2019 yili «rahmatli» bo‘lgan sakkizta texnologiya (+video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.