Microsoft inqilobiy HoloLens 2 garniturasini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  648
  •  25.02.2019 16:38

Microsoft inqilobiy HoloLens 2 garniturasini taqdim etdi

MWC 2019 ko‘rgazmasi doirasida Microsoft korporatsiyasi o‘zining ajoyib ishlanmasini rasman namoyish qildi. Bu – HoloLens 2 rusumli to‘ldirilgan borliq garniturasidir.

O‘QING: Microsoft nihoyat MWC ko‘rgazmasida qatnashib, inqilobiy gadjetini ko‘rsatmoqchi!

Aytish kerakki, Azure, HoloLens, Dynamics 365 va Microsoft Devices jamoalari hamkorligida yaratilgan mazkur devays o‘zining “ajdod”idan barcha jihatlari bilan ancha o‘zib ketgan.

HoloLens 2 tijoriy foydalanishga mo‘ljallangan, Microsoft uning potensial buyurtmachilari sifatida qurolli kuchlar, yirik biznes tashkilotlari, tibbiyot va konstruktorlik sohalaridagi kompaniyalar bo‘lishini aytmoqda. Buning ajablanarli joyi yo‘q – axir, ushbu AR-garnitura naq 3500 AQSh dollariga narxlangan! Darvoqe, o‘zi original HoloLens ham bundan atigi 500 dollarga arzonroq edi.

Microsoft’ning birinchi avlod AR-garniturasidan ko‘ra HoloLens 2 kengroq – 57 darajali ko‘rish burchagiga ega, piksellar zichligi esa o‘sha holida saqlangan. Shuningdek, yangi qurilmada 2K formatigacha ekranlarni qo‘llab-quvvatlaydi, u zamonaviy, yanada aniq va tezkor ToF-kamera bilan qurollangan. Ma’lumotlarning personalizatsiyasi borasida katta ishlar qilingan: endi bu ko‘zoynak biometrik datchiklar yordamida foydalanuvchini eslab qola oladi va keyingi gal ayni unga mos sozlamalarni yuklab beradi.

HoloLens 2 foydalanuvchining nigohi qayoqqa yo‘nalganligini kuzatib bora oladi; shuningdek, chuqurlikni aniqlovchi time-of-flight datchiklari hamda mashinaviy ta’lim algoritmlari yordamida imo-ishoralarni taniydi. Harakatlarni ilg‘ab olish darajasi shu qadar kuchliki, hatto uning yordamida virtual fortepiano chalsa bo‘ladi!

Mazkur garnitura Snapdragon 850 protsessori bazasida ishlaydi, konstruksiyada beshta mikrofon, Wi-Fi adapter va USB-S porti ham bor. Uni Microsoft Cortana ovozli yordamchisi orqali boshqarish mumkin.

HoloLens 2 shu yilning oxirlaridan Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Xitoy, Germaniya, Irlandiya, Fransiya, Yangi Zelandiya, Avstraliya va Yaponiya bozorlariga chiqariladi.

O‘QING: Microsoft’ning eksklyuziv mahsuloti himoyasini xakerlar besh kundayoq buzishdi – endi uni bepul ko‘chirib olish mumkin!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.