Microsoft kiberhujumlar xavfi tufayli Windows XP va boshqa eski tizimlarini yangiladi

  •   DiMaX
  •  809
  •  15.06.2017 14:57

Microsoft kiberhujumlar xavfi tufayli Windows XP va boshqa eski tizimlarini yangiladi

Microsoft kompaniyasi Windows XP operatsion tizimini qo‘llab-quvvatlashni 2014 yilning aprelidayoq to‘xtatgan edi. Ammo o‘tgan oyda u kutilmaganda WannaCry tovlamachi-virusiga qarshi kurashda yordam berish maqsadida mazkur versiya uchun yangilanishni chiqardi. Endi esa kompaniya eski operatsion tizimlariga sodiq qolgan o‘z mijozlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaxshi yo‘l tutdi – har haftalik yangilanadigan tizimlar qatoriga Windows XP’ni ham kiritib qo‘ydi, deb yozadi The Verge.

«Joriy oy uchun yangilanishlarni tahlil qilish jarayonida himoyada ayrim nozik joylar borligi aniqlandi, – deydi Microsoft inqirozga qarshi boshqaruv bo‘yicha bosh menejeri Edrien Xoll. – Ular turli kiberhujumlar amalga oshirilishi ehtimolini oshiradi. Mazkur tavakkalchilikning oldini olish uchun, muntazam tarzda taqdim etib kelinayotgan ikkilamchi yangilanishlar bilan birga, biz qo‘shimcha xavfsizlik yangilanishlarini ham taqdim etamiz. Ulardan barcha mijozlar, jumladan, Windows’ning eski versiyalarini ishlatayotganlar ham foydalana oladilar».

Shu tariqa, WannaCry kabi viruslar hujumi xavfi ortib borayotganini hisobga olib, Microsoft o‘zining hozirda qo‘llab-quvvatlanayotgan va bundan mahrum etilgan – Windows XP, Vista hamda boshqa tizim versiyalari uchun ham yana yangilanishlarni taqdim etdi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, buni standart xizmat ko‘rsatish siyosatidan chekinish, deb qabul qilmaslik kerak. Bu – Windows tizimi himoyasidagi «tirqish»lar orqali yangi hujumlar uyushtirilishining oldini olish uchun istisno tarzida amalga oshirilgan qadamdir.

Biroq Microsoft’dagilar mazkur «tirqish»lardan o‘zlarini kim ogohlantirganligini aytishmadi. Ehtimol, bu AQSh Milliy xavfsizlik agentligi axborot tizimlarini buzib kirganligi bilan tanilgan Shadow Brokers guruhi xakerlaridir.

Agarda siz ham rasman xarid qilingan Windows XP ishlatayotgan bo‘lsangiz, yangilanishlarni tezda olib o‘rnatsangiz arziydi. Chunki, garchi WannaCry virusidan zarar ko‘rgan kompyuterlarning asosiy qismi Windows 7’da ishlayotgan bo‘lsa-da, keyingi hujumlar kengroq ko‘lam olishidan xavfsirasak arziydi.

Eslatib o‘tamiz, insoniyatga rekord summada zarar keltirgan WannaCry virusi kompyuterni bloklab qo‘yib, blokni yechish uchun foydalanuvchidan to‘lov talab qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bo‘ylab bir necha o‘n ming kompyuter zararlangan, ular orasida O‘zbekiston hududidagi qurilmalar ham bor. Keyinchalik mazkur virusdan xakerlar qancha ishlagani ma’lum bo‘ldi, Microsoft kompaniyasi esa uning aybdorini va himoyalanish chorasini aytdi. «Kasperskiy laboratoriyasi» bo‘lsa, WannaCry virusini Shimoliy Koreya yaratgan, deya gumon qilyapti. Janubiy Koreyani esa mazkur virusdan Samsung himoya qilmoqchi.