Microsoft nihoyat qo‘sh ekranli Surface Duo smartfonini namoyish etdi

  •   DiMaX
  •  711
  •  12.08.2020 17:47

Microsoft nihoyat qo‘sh ekranli Surface Duo smartfonini namoyish etdi

Qayishqoq ekranli buklama smartfonlar ancha qimmat turishini tushunsa bo‘ladi, lekin Microsoft’ning yangi mahsuloti ulardan farqli. Surface Duo nomli bu smartfon egiluvchan emas, balki oddiy ikkita ekranli bo‘lsa ham, narxi buklamafonlardan qolishmaydi.

O‘QING: Video: Microsoft o‘zining ilk Android-smartfonini ishlatib ko‘rsatdi!

Microsoft Surface Duo har birining diagonali 5,6 dyuymlik ikkita ekranga ega. Ochiilganida birgalikda 8,1 dyuymlik bo‘luvchi bu displeyni kompaniya PixelSense Fusion deb atamoqda. Har bir displeyning tasvir aniqligi 1800x1350 piksellik, birgalikda ular 2700x1800 piksellik bo‘ladi. Korpusning qalinligi ochiq holatida 4,8 millimetr bo‘lsa, yopilganida 9,6 millimetrga teng.

Smartfonning texnik ta’minoti asosida nisbatan eski Snapdragon 855 protsessori yotadi. Surface Duo tezkor/doimiy xotirasi tegishlicha 6 va 256 gigabaytlik hajmga ega.

O‘QING: Allaqachon «janozasi o‘qilgan» Windows 7 tizimini Microsoft ikkinchi marta bepul yangilayapti!

Gadjetning akkumulyatori ham maqtagudek emas – tok sig‘imi 3566 mA/soatlik bo‘lib, 18 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvat oladi. Kamerasi atigi 11 megapiksellik, tag‘in unga optik barqarorlashtirish tizimi ham tatbiq etilmagan. Kamchiliklaridan yana stereodinamik, NFC chipi va 5G-moduli yo‘qligini aytib o‘tish o‘rinli.

Microsoft mazkur smartfonining Windows Virtual Desktop yordamida Windows 10’ga ulana olishiga urg‘u bergan. Surface Duo ommabop «yashil robotchali» operatsion tizimda ishlaydi, garchi talqini aytilmayotgan esa-da, uning Android 10 ekani ko‘rinib turibdi. Eslatib o‘tamiz, bu – Microsoft korporatsiyasi 2016 yili Nokia mobil biznesini sotib olganidan buyon chiqargan birinchi Android-smartfondir.

Surface Duo smartfoni 10 sentyabrdan 1400 dollarlik narx bilan sotuvga chiqadi.

O‘QING: Android-smartfonlar uchun Microsoft antivirusi taqdim etildi