Microsoft noyob Surface Arc Mouse “sichqoncha”sini taqdim qildi

Microsoft noyob Surface Arc Mouse “sichqoncha”sini taqdim qildi

Microsoft kompaniyasi 2 may kuni Windows 10 S – faqatgina Windows Store platformasidagi ilovalarni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi operatsion platforma boshqaruvida ishlaydigan Surface Laptop noutbuki bilan birga, ko‘chma kompyuter dizayniga mos ixcham va qayishqoq Surface Arc Mouse aksessuarini ham taqdim qildi.

Microsoft’ning ma’lum qilishicha, Surface Arc sichqonchasi «yupqa, yengil va doimo sayohatga tayyor». Qurilma noutbuk sumkasiga tushayotganida sip-silliq shaklda bo‘lsa, foydalanganda uni osonlik bilan kaftning shaklida bukish mumkin. Ana shunda u an’anaviy sichqonchani eslatadi va foydalanishga qulay bo‘ladi.

Arc oilasiga kiruvchi boshqa sichqonchalar kabi, yangi manipulyator kompyuter bilan Bluetooth 4.0 interfeysi orqali “tillashadi”.

Quyidagi qisqa videoda aks etishicha, gadjet moddiy tugmalardan xoli dizaynda ishlangan va uning old qismida sensor panel mavjud. Shu panel orqali kompyuterga buyruq berish mumkin.

Surface Arc Mouse’ning o‘lchamlari: 131 x 55 x 14 mm., vazni batareyasi bilan 82 gramm.

Surface Arc Mouse’ning narxi 79,99 dollar. Surface Laptop kabi u ham uch rangli talqinda ishlab chiqarilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!