Microsoft o‘zining yangi qurilmalarini taqdim etdi

Microsoft o‘zining yangi qurilmalarini taqdim etdi

Kecha Microsoft kompaniyasi uchta yangi Microsoft Surface kompyuterlari, Windows 11 uchun yangi xususiyatlar hamda yangi Audio Dock dinamiklarini taqdim etdi. 

Bu yerda eng qiziq gadjet Surface 9 Pro hisoblanadi, chunki u ARM'ga asoslangan chip hamda Intel protsessoriga ega bo‘ldi. Ushbu qurilma yordamida Microsoft Windows 11 tizimining ARM'ni qo‘llab-quvvatlashini mustahkamlamoqda, bu esa Windows 11'da ARM uchun ilovalarni ishga tushirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha shubhalarni yo‘q qilmoqda.

Surface Studio 2 Plus kompyuteri esa 2018 yilda taqdim etilgan Studio 2 modelining yangilangan versiyasi hisoblanadi. Uning texnik ko‘rsatkichlari yaxshilangan, yanada ko‘proq Thunderbolt 4 portlari o‘rnatilgan, shuningdek, grafik unumdorligi oshirilgan. 

Uchinchi qurilma - Surface Laptop 5 noutbukining texnik ko‘rsatkichlari ham yaxshilandi. Endi noutbukni ko‘proq rangdagi turlari bor. 13.5 dyuym hajmdagi model esa alkantarali klaviaturaga ega. 

Surface Pro 9

Bu yil Surface Pro 9 modeli sezilarli darajada takomillashtirildi. Qurilma ARM chipi hamda Intel protsessoriga asoslangan variantlarda taqdim etildi. Shuningdek, gadjet yangi ranglarda ham namoyon bo‘ldi. Type Cover klaviaturasi ham endi planshet rangiga mos keladi. ARM variantli planshet Qualcomm SQ3 chipi bilan jihozlangan bo‘lib, u 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Ikkala variantdagi qurilma Bluetooth 5.1 hamda Wi-Fi 6E simsiz bog‘lanishlarga ega. Qualcomm chipiga ega versiya ko‘proq simsiz bog‘lanishlarga ega bo‘lib, u GPS, GLONASS, Galileo va Beidou joylashishni aniqlash tizimlari, nanoSIM hamda eSIM, Sub-6 GHz/mmWave 5G (mmWave faqat AQShda), shuningdek, LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Qurilmaga 120 gerts chastotada ishlovchi 13 dyuymli PixelSense Flow displeyi o‘rnatilgan. Displey Surface Slim Pen 2 stilusini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Intel protsessori ega model 12-avlod Intel Core i5-1235U yoki Core i7-1255U bilan jihozlangan. Xotira turi 8/128GB'dan boshlanadi. Qualcomm chipli model esa neyron hisoblash birligiga (NPU) ega bo‘lib, u selfi kamera uchun avtomatik ramklash, Super rezolyutsiya hamda shovqinni kamaytirish funksiyalarini taqdim etadi. 

Akkumulyator avtonomligi ham ikki versiyada turlicha. Intel protsessorli model to‘liq quvvat bilan 15.5 soat ishlab berishi mumkin, Qualcomm versiyada esa bu ko‘rsatkich 19 soatni tashkil etadi. Ushbu model ikkita Thunderbolt 3.2 porti, Intel protsessorli model esa ikkita Thunderbolt 4 portiga ega. 

Intel protsessorli model 8/16/32GB LPDDR5 tezkor hamda 1TB gacha bo‘lgan doimiy xotirani qo‘llab-quvvatlaydi. Qualcomm chipli model esa 8/16GB LPDDR4X tezkor xotira hamda 512GB gacha bo‘lgan doimiy xotiraga ega. 

Qurilmaning boshlang‘ich narxi quyidagicha:

Surface Pro 9 (Intel Core i5) - 999 dollar

Surface Pro 9 (Intel Core i7) - 1599 dollar

Surface Pro 9 (Qualcomm SQ3) - 1299 dollar.

Qurilma uchun mo‘ljallangan Type Cover klaviaturasining narxi 279 dollarni tashkil qiladi. 

Surface Studio 2 Plus

Studio seriyada Microsoft oxirgi marta 2018 yilda Studio 2 kompyuterini taqdim etgan edi. Yangi Surface Studio 2 Plus modeli esa tashqi ko‘rinishidan avvalgi modelga o‘xshaydi. Asosiy o‘zgarishlar qurilmaning ichki jihozlarida kuzatilgan. 

Ushbu qurilma 11-avlod Intel Core i7 -11370H protsessori hamda 6GB xotiraga ega Nvidia GeForce RTX3060 video kartasining mobil versiyasi bilan jihozlangan. Qurilmaga 1TB doimiy xotira hamda 32GB DDR4 RAM kartasi o‘rnatilgan. 

Kompyuter 28 dyuymli PixelSense displeyiga ega bo‘lib, u Dolby Vision va Dolby Atmos funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma uchta 4K displeyni qo‘llab-quvvatlovchi uchta USB-C Thunderbolt 4, ikkita USB-A hamda bittadan 3.5 mm audio jek va Ethernet portlariga ega. 

Surface Studio 2 Plus kompyuteri Surface Pen stilusi, Surface klaviaturasi hamda Surface sichqonchasi bilan birga sotiladi. Uning narxi 4499 dollarni tashkil qiladi. 

Surface Laptop 5

Ushbu noutbukdagi asosiy o‘zgarishlar uning protsessorida kuzatilgan. 13.5 dyuymli model Intel Core i5-1235U yoki Intel Core i7-1255U protsessoriga ega. 15 dyuymli modelning esa faqat Core i7-1255U protsessoriga ega turi taqdim etildi xolos. Barcha modellar 16/32GB LPDDR5X tezkor xotira hamda 1TB gacha bo‘lgan doimiy xotira bilan jihozlangan. 

Kunlik oddiy foydalanishda 13.5 dyuymli model 18 soatgacha, 15 dyuymli model esa 17 soatgacha ishlab beradi. Noutbukining displeyini Gorilla Glass 5 oynasi himoyalab turadi (Alkantarali modelda Gorilla Glass 3).

Yangi Surface noutbuki bittadan USB-C Thunderbolt 4, USB-A, 3.5 mm audio jek hamda Surface Connect portlariga ega. 

Ushbu noutbukning narxi quyidagicha:

Surface Laptop 5 (13.5 dyuym, 8/256GB) - 999 dollar

Surface Laptop 5 (15 dyuym 8/256GB) - 1299 dollar.

Barcha Microsoft Surface kompyuterlari 25 oktyabrdan sotuvga chiqadi. 

O‘QING: Realme 200MP kamerali smartfon chiqaradi(mi?) 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!