Microsoft WannaCry virusining aybdorini va himoyalanish chorasini aytdi

Microsoft WannaCry virusining aybdorini va himoyalanish chorasini aytdi

Ekspertlarning fikricha, 12 mayda tarqalgan WannaCry ommaviy virusi Internet tarixidagi eng global kiber-tahdid bo‘lib, 150 dan oshiq davlatda yirik tashkilotlarga, oddiy fuqarolarga jiddiy zarar yetkazgan. Kasperskiy laboratoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar soni bo‘yicha AQSh, Rossiya, Ispaniya, Braziliya, Hindiston yetakchilar qatorida. Shu bilan bilan birga, ekspertlar bu hujumning 2-to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rish kerakligini maslahat berishmoqda.

Virus to‘xtatilgan, biroq yo‘q qilinmagan
Juma kuni tunda, ya’ni idora va ofisdagi ishlar yakunlanganidan so‘ng zararlangan kompyuterlar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar bugun — haftaning ilk ish kunida aniq bo‘ladi. Ya’ni, virus tahdidining haqiqiy ko‘lami bugun ma’lum bo‘ladi.

13 may kuni mutaxassislar tarqalayotgan virusni to‘xtatishgan bo‘lishsa ham, ko‘p o‘tmay uning yangi talqini tarqatilgan. Mutaxassislar hozircha bu zararli faylning tarkibini o‘rganishmoqda.

Microsoft pozitsiyasi: aybdor kim?

Microsoft kompaniyasi kibervirusning tarqalishi bevosita AQSh maxsus xizmati bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan. Kompaniya zudlik bilan Windows XP, Windows 8 va Windows Server 2003 operatsion tizimlari uchun yangilanishlarni e’lon qildi. Biroq, ular zararlanmagan kompyuterlarni himoya qiladi. Bu virusdan himoyalanishning yagona chorasi — operatsion tizimni yangilab olishdir.

Microsoft kompaniyasi prezidenti Bred Smitning ma’lum qilishicha, WannaCry virusining tarqalishi Microsoft Windows’dagi himoya bo‘shlig‘i bilan bog‘liq. Bu himoya bo‘shlig‘i AQSh xavfsizlik agentligi tomonidan ishlab chiqilgan va turli ma’lumotlar to‘plash uchun foydalanilgan. Ya’ni, shuning yordamida turli kompyuter tizimlariga kirib, kerakli ma’lumotlar olib kelingan. Undan so‘ng himoya bo‘shlig‘i to‘g‘risidagi ma’lumot hakkerlar tomonidan o‘g‘irlangan va shunga muvofiq WannaCry ishlab chiqilgan.

Microsoft bundan xabardor bo‘lgani bois, muammoni hal qilish yo‘lida Windows’ning so‘nggi talqinlarini yangilab kelgan. Biroq, aksariyat Windows foydalanuvchilari, jumladan davlat va biznes tashkilotlari operatsion tizimlarni yangilashga jiddiy e’tibor qaratishmagan. Natijada, hakkerlar yirik muassasa va kompaniyalarning faoliyatlarini izdan chiqarishga muvaffaq bo‘lishgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!