Microsoft o'zining Windows operatsion tizimlari uchun CCleaner'ga o'xshash dastur ishlamoqda

Microsoft o'zining Windows operatsion tizimlari uchun CCleaner'ga o'xshash dastur ishlamoqda

Microsoft kompaniyasi o'zining Windows 10 va undan yuqori versiyadagi operatsion tizimida ishlaydigan kompyuterlar samaradorligini oshirishga qaratilgan PC Manager dasturi ustida ishlamoqda. CCleaner'ni eslatib yuboradigan ushbu dastur Windows'da allaqachon mavjud bo'lgan ayrim funksiyalarni o'zida mujassamlashtirgan markaz bo'lib, u Windows 11 dizaynida yaratilgan. Bu xuddi Task Manager'ning soddalashtirilgan variantiga o'xshaydi.

Dastur ikkita asosiy: Cleanup (Tozalash) va Security (Xavfsizlik) bo'limlarini o'z ichiga oladi. Cleanup bo'limidagi Boost asosiy tugmasini bosish kompyuterdagi vaqtinchalik fayllarni tozalaydi va operativ xotirani ortiqcha resurslardan bo'shatadi.

Shuningdek, ushbu bo'limda siz kompyuter "sog'lig'ini" tekshirishingiz mumkin. Bunda PC Manager kompyuterni tozalash mumkin bo'lgan narsalarga, viruslarga, potensial zararlarga va o'chirish mumkin bo'lgan startap ilovalarga tekshiradi va agar kopmyuteringizda sukut bo'yicha tanlangan veb-brauzer Microsoft Edge bo'lmasa, dastur uni alishtirish taklifini ham beradi. Ehtimol, bu Microsoft'ning foydalanuvchilarni o'z brauzeriga o'tishga undaydigan harakatlaridan yana biridir.

Bo'limdagi Storage management'da siz kompyuteringiz xotirasini bo'shatish uchun "chuqur tozalash" skaneridan foydalanishingiz yoki katta fayllarni topish va ularni boshqarishingiz mumkin. Shu bilan birga, ushbu menyuda sizni Windows sozlamalarining "Ilovalarni boshqarish" va Storage Sense bo'limlariga yo'naltiradigan tugmalarni ham ko'rishingiz mumkin.

Xuddi Task Manager'da bo'lgani kabi PC Manager'ning Cleanup bo'limi ayni vaqtda ishlab turgan dasturlarni va startap ilovalarni boshqarish imkonini beradigan bo'limlarga ham ega.

Security'da esa siz kompyuteringizni viruslarga qarshi skanerlashingiz mumkin. Qolaversa, ushbu bo'lim Windows yangilashini tekshirish, hamda, sukut bo'yicha brauzerni o'zgartirish va boshqa sozlamalarni o'z ichiga olgan "Brauzer himoyasi" menyusini ham o'z ichiga oladi.

Ayni vaqtda PC Manager ommaviy beta versiyasida bo'lib, uni siz pcmanager.microsoft.com rasmiy saytidan yuklab olishingiz mumkin. Qizig'i shundaki, sayt Xitoy tilida.

O'QING: Microsoft tasodifan Windows 12 prototipini ko‘rsatib qo‘ydi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!