Microsoft'dan tekin VPN

Microsoft'dan tekin VPN

Microsoft xavfsizlik va maxfiylikni yaxshilash maqsadida o'zining Edge brauzeriga bepul virtual xususiy tarmoq (VPN) xizmatini qo'shadi, deb xabar bermoqda The Verge nashri. "Edge Secure Network" deb nomlanuvchi Cloudflare'ga asoslangan VPN xizmati tez orada xavfsizlik yangilashining bir qismi sifatida sinovchilar uchun taqdim etiladi.

Rasm muallifi: Microsoft

Ma'lum bo'lishicha, Edge Secure Network yoqilganida veb-trafik shifrlanadi va bunda internet-provayderlari foydalanuvchining brauzerdagi harakatini ko'ra olmaydi. Shuningdek, yangi funksiya foydalanuvchilarga o'z IP manzillarini yashirib, uning o'rniga virtual IP manzildan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Rasm muallifi: Microsoft

Biroq, bu bepul xizmatdan foydalanishda cheklovlar va talablar mavjud: VPN orqali sarflanadigan internet trafigi oyiga 1 Gb bilan cheklangan, shu bilan birga foydalanuvchilar Microsoft akkauntlarini ulagan bo'lishlari kerak. Shuningdek, Microsoft'ning qo'shimcha qilishicha, Cloudflare xizmatdan ayrim diagnostik ma'lumotlar to'playdi va bunda kompaniya har 25 soatda bu ma'lumotlarni o'chirib tashlaydi.

Rasm muallifi: Microsoft

Yangi funksiya endigina ishlab chiqilmoqda va tez orada brauzer insayderlariga test uchun taqdim qilinadi. Ushbu xususiyat chiqarilganidan keyin foydalanuvchilar uni brauzer menyusidan Secure Network nomi bilan topishlari mumkin. VPN yoqilganida brauzer ramkasining o'ng yuqorisida qalqon belgisi paydo bo'ladi, brauzer yopilganida funksiya avtomatik tarzda o'zi o'chadi.

Bugungi kunda brauzer ichida VPN xizmatini allaqachon Opera brauzerida bepul, Mozilla'ning Firefox brauzerida esa pullik tarzda taqdim qilinadi.

O'QING: Windows 11 vazifalar menejeri uchun ajoyib funksiya qo‘shiladi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!