Mikroskop kamerali OPPO Find X3 Pro chiqdi – har tomonlama o‘zgacha flagman!

  •   DiMaX
  •  3166
  •  12.03.2021 12:06

Mikroskop kamerali OPPO Find X3 Pro chiqdi – har tomonlama o‘zgacha flagman!

Kecha – 11 mart kuni OPPO kompaniyasi onlayn tadbir o‘tkazib, Find X3 turkumi smartfonlarini taqdim qildi. Ushbu seriyaga to‘rtta model kirgan, hozir esa ularning eng kuchlisi – Find X3 Pro bilan tanishamiz.

O‘QING: Yilning eng kutilayotgan kamerofoni Geekbench’da test topshirdi

OPPO Find X3 Pro modelining o‘ziga xosliklaridan biri uning dizaynidir: «Terminator 2» uslubidagi orqa panel kamera blogini ham qoplab turuvchi yaxlit shisha bo‘lagidan ishlangan. Korpus qalinligi atigi 8,26 millimetr, vazni esa 193 gramm keladi. Kompaniya uni IP68 standartiga ko‘ra suv va changdan himoyalagan.

Flagmanning old yuzasini 6,7 dyuymlik AMOLED-displey butkul egallab olgan, uning tasvir uzatishi Billion Color QHD+ formatida (3216x1440 piksellik). Ekranda piksellar zichligi 525ppi, uning maksimal yorqinligi esa 1300 nit. Displey keng kontrast koeffitsiyentiga (5 000 000: 1) hamda moslashuvchan (5 dan 120 gersgacha) yangilanish chastotasiga ega. Bulardan tashqari, chetlari qayrilma ekran yuzasiga Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasi yotqizilgan.

Find X3 Pro gadjetining yana bir maqtangulik jihati – bosh kamerasidir: unda 50 megapiksellik Sony IMX766 datchigidan birdaniga ikkitasi qo‘llangan. Ulardan biri keng burchakli, yana biri esa o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan taqdim etilgan. Uchinchi modul – 13 megapiksellik aniqlikdagi periskop kamera bo‘lib, u 2 karralik optik va 5 karralik gibrid zumga ega.

Kvadrokameraning to‘rtinchi sensori hammasidan qiziq: aniqligi 3 megapiksellik bo‘lsa-da, naq 60 karralik zumni ta’minlovchi makroob’yektivga ega! Boshqa smartfonlardagi amaliy foydasi bo‘lmagan makromodullardan farqli ravishda, bu – mohiyatiga ko‘ra – mobil mikroskopdir.

Smartfon displeyining tirqishiga esa 32 megapiksellik old kamera o‘rnatilgan.

O‘QING: Snapdragon 888 chipli eng arzon flagman 10 soniyada 15 mln dollarlik sotildi!

OPPO Find X3 Pro flagmani, tabiiyki, Snapdragon 888 protsessori asosida ishlaydi va 12/256 gigabaytlik tezkor/doimiy xotiraga ega. Uni kompaniya stereodinamiklar, NFC moduli va 4500 mA/soatlik akkumulyator bilan ta’minlagan. Devays simli usulda 65 vattlik, simsiz tarzda esa 30 vattlik tezkor zaryadlash texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Darvoqe, mashhur kompozitor Gans Simmer maxsus ORRO Find X3 Pro uchun eksklyuziv ringtonlar va bildirishnoma tovushlarini yaratgan. Bu bastakor 200 dan oshiq loyihalar muallifi, «Oskar», ikkita «Oltin globus», uchta «Gremmi» hamda «Toni» mukofotlarining sovrindori hisoblanadi.

Find X3 Pro kamerofoni 14 apreldan sotuvga chiqadi, OPPO uning uchun 1149 yevro miqdorida narx belgilagan.

O‘QING: Uncha-munchaga o‘z narxini yo‘qotmaydigan o‘nta smartfon

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!