Mish-mishlar to‘g‘ri bo‘lib chiqdi — Galaxy S23 seriyasi faqat Snapdragon chipi bilan jihozlanadi

Mish-mishlar to‘g‘ri bo‘lib chiqdi — Galaxy S23 seriyasi faqat Snapdragon chipi bilan jihozlanadi

Samsung kompaniyasining Exynos chiplari Galaxy S23 seriyasiga o‘rnatilmaydi. Bu yilgi S22 modellarining faqatgina Yevropa bozori uchun ishlab chiqarilgan versiyalari Exynos 2200 chipi bilan jihozlangan edi. Qolgan hududlar uchun ishlab chiqarilgan modellar esa Snapdragon 8 Gen1 chipiga ega bo‘ldi. 

Qualcomm bosh direktori Krishtianu Amon ikkinchi chorakdagi daromadlar so‘rovida Galaxy S22 modellarining 75 foizi Snapdragon chipi bilan jihozlanganini ma’lum qildi. 

Bosh direktor tahlilchilarning Galaxy S23 seriyasi faqat Snapdragon 8 Gen2 chipi bilan jihozlanishi haqidagi fikrlariga qo‘shilgan holda, kelgusi yilda Snapdragon chipli Galaxy smartfonlarining sonini oshishini ta’kidlab o‘tdi. «Shartnomaga qadar Galaxy S22 modellarining 75% Snapdragon chipi bilan jihozlanishi kerak edi. Ushbu nisbat S23 va undan keyingi versiyalarda yanada ortadi», dedi Amon.

Qualcomm'ning Samsung bilan hamkorligi «Galaxy smartfonlaridan tashqari, Galaxy Book noutbuklari, Windows kompyuterlari, Galaxy planshetlari, VR va boshqa qurilmalarni o‘z ichiga oladi», dedi Amon. Ikki kompaniya 3G, 4G, 5G va 6G qurilmalarini o‘z ichiga oluvchi patent litsenziyalash shartnomasini 2030 yilgacha uzaytirdi.

Samsung Exynos chiplarini ishlab chiqarish davom etishini aytdi. Biroq ularni ishlab chiqarish jarayoni qayta tashkil etilishi zarur. Qisqa muddatda kompaniya Exynos chiplarini smart soatlarga o‘rnatishni boshlashi mumkin. O‘rta va boshlang‘ich darajadagi Exynos chiplari ham bor, Samsung ular uchun yangi mijozlarni qidirmoqda. 

Bu rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, Samsung yangi smartfon chipsetini ishlab chiqish uchun jamoa yig‘gani aytilmoqda. Ammo bu jarayon biroz vaqt olishi mumkin hamda Galaxy S smartfonlarini ishlab chiqarishda 2024 yilgacha Snapdragon chiplaridan foydalanish rejalashtirilgan. Mish-mishlarga ko‘ra, ikki yil ichida kompaniya yangi chipsetni noldan boshlab tuzib chiqishga harakat qiladi .

Birinchi avloddan beri Galaxy Z seriyasi Snapdragon chiplari bilan jihozlanib kelmoqda. Ushbu an’ana yangi Galaxy Z Flip4 va Z Fold4 modellarida ham davom etadi. Ushbu buklamafonlar katta ehtimol bilan Snapdragon 8+ Gen1 chipiga ega bo‘ladi. 

Qualcomm'ning Snapdragon 8 Gen2 chipi noyabr oyining o‘rtasida taqdim etiladi. Ushbu chip bilan jihozlangan ilk smartfon esa dekabr oyida e’lon qilinishi kutilmoqda. Galaxy S23 seriyasining taqdimoti 2023 yilning boshida bo‘lib o‘tadi. 

O‘QING: Galaxy A23 5G'ning narxi ma’lum bo‘ldi 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.