Mobil bank orqali pulingizni o‘g‘irlashlari mumkin, bundan himoyalanish yo‘llari bor!

  •   DiMaX
  •  2310
  •  31.05.2019 07:15

Mobil bank orqali pulingizni o‘g‘irlashlari mumkin, bundan himoyalanish yo‘llari bor!

Bugungi kunda pul o‘g‘irlash uchun kimningdir uyiga kirish shartmas, smartfoni qo‘lga olinsa kifoya – hamma ma’lumotlar o‘sha yerda. Ba’zan smartfonni o‘g‘irlash shartmas, uning egasining o‘zi kerakli ma’lumotni aytib qo‘yadi. Masalan, kimdir sizga telefon qilishi, o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, barcha zaruriy ma’lumotlarni bilib olishi mumkin. Minbar nashri shundan saqlanish yo‘llarini ma’lum qilgan.

O‘QING: Plastik kartochka yo‘qolsa nima qilish kerakligini bilasizmi?

  1. Telefoningizga parol (Touch ID, Face ID) o‘rnating

Har qanday parolni buzish mumkin. Ammo bankka bog‘lanib, ma’lumotlaringizni o‘zgartirishingiz, kartani bloklashga ulgurishingiz uchun vaqt kerak. Parollarni yechish uchun esa qaroqchiga vaqt kerak. Erinmasdan qiyinroq, murakkabroq parol qo‘yavering. Parol smartfoningizdagi ilovalarga kirishni qiyinlashtirishi mumkin, ammo SIM-kartangizni boshqa telefonga qo‘yib, undan pul yechishlari mumkinligini ham unutmang.

  1. Mobil qurilmangizga avtoblok o‘rnating

Smartfoningiz doim ham blokda bo‘lmasligi yoki uzoq vaqt o‘tgach, blokka tushishi mumkin. Unga avtoblok o‘rnating. O‘g‘rilarga yarim daqiqa ham imkoniyat berib bo‘lmaydi. Avtoblokka tushish muddatini qisqa qiling. Iloji bo‘lsa, qurilmangiz bir daqiqada avtomatik qulflanishi kerak.

  1. SIM-kartangizga PIN-kod o‘rnating

O‘g‘rilar smartfoningiz qulfini buzib kirishga qiynalsa, SIM-kartadan foydalanishadi. Buning uchun uni boshqa mobil qurilmaga qo‘yib, SIM-kartangiz orqali bankingiz bilan bog‘lanishlari, ilova o‘rnatib, pulingizni o‘zlariga qulay hisobga o‘tkazvorishlari mumkin.

  1. Yangi telefon raqami olganda eski nomer bilan aloqalarni uzing

Ayrimlar yangi nomer olganda eki raqamini umuman ishlatmaydi yoki SIM-kartasini shunchaki tashlab yuboradi. Agar eski raqamingizdan bank kartangiz o‘chirilmagan bo‘lsa, tashlab yuborilgan SIM-karta unga yo‘l ochadi. Yoki uzoq vaqt ishlatilmagan nomeringizni operator boshqa odamga berishi mumkin. Natijada bank kartangiz haqidagi ma’lumotlar o‘sha raqamni olgan odamga boradi. Demak, raqam almashtirganda, eskisi bilan barcha aloqalarni uzing.

  1. Mobil qurilmangizda bank kartasi ma’lumotlarini saqlamang

Mobil qurilmalarda bank kartalari, pasportning fotosuratlarini saqlamang. Kimgadir messenjerlar orqali bu haqda yozgan bo‘lsangiz, keyin o‘chirib tashlang. Kartangiz nomerini, pasportingiz nusxasini qo‘lga kiritgan odam, agar hisobingizda kattagina pul bor deb hisoblasa, ulardan oson foydalanishi mumkin. O‘g‘rining bankda tanishi bo‘lsa, bu ma’lumotlar o‘g‘irlikni yanada osonlashtiradi.

  1. Telefonni yo‘qotsangiz, avvalo SIM-kartani bloklating

O‘g‘ri avvalo SIM-karta orqali bank hisobingizga kirishga urinadi. Telefon operatoriga qo‘ng‘iroq qilib, SIM-kartani bloklating.

  1. Bankka qo‘ng‘iroq qilib, hisobingizni vaqtincha yoping

O‘g‘irlangan ma’lumotlaringiz asosida bank kartangizdan pul o‘g‘irlamasliklari uchun kartani vaqtincha bloklatish, undan pul yechilishining oldini olish kerak. Bankka shaxsan borib, hujjatlaringizning asl nusxasini ko‘rsatmaguningizcha yopib qo‘yishni so‘rang.

O‘QING: Jiddiy jinoyat: Plastik kartangizdagi pulni bankdagilar ham o‘g‘irlashi mumkin!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!