Mobil operatorlar bizdan nimani yashirmoqda?

  •   DiMaX
  •  19923
  •  12.09.2017 16:27

Mobil operatorlar bizdan nimani yashirmoqda?

Qonunchilikka ko‘ra, ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi o‘z mahsuloti (xizmati) to‘g‘risida to‘liq va yetarli ma’lumot berishiga majbur. Afsuski, O‘zbekistondagi uyali aloqa operatorlari o‘z xarajatlarini kamaytirish va maksimal foyda olish maqsadida, sotilayotgan raqamlar to‘g‘risidagi ba’zi muhim ma’lumotlarni yashirib kelmoqdalar. Bu o‘z navbatida operator mijozlariga ko‘pgina noqulayliklar tug‘dirishi mumkin, deb yozadi «Diydor aziz» nashri.

Maqolada ta’kidlanishicha, uyali aloqa operatorlari tomonidan sotuvga chiqarilayotgan raqamlarning oldin ishlatilgan yoki ishlatilmaganligi to‘g‘risida mijozga ma’lumot berilmaydi. Buning evaziga operatorlar yangi kanallarni ijaraga olishni kamaytirmoqda va o‘z mablag‘ini tejamoqda. Lekin abonentlar-chi?

Keling, mijoz uchun bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga bir qiziqib ko‘raylik.

Odatda kimlar o‘z telefon raqamlarini tez-tez almashtiradi? Bu toifaga asosan shubhali shaxslar, firibgarlar, yengiltabiat ayollar va hokazolar kirishi ehtimoli yuqori. Shunday ekan, «ishlatilgan» yoki «second hand» raqamlarni bilmasdan sotib olgan mijozlarga bu qanday zarar yetkazishi mumkin?

Masalan, kechasi yarim tunda xotinining yonida erkakka notanish ayol qo‘ng‘iroq qilib kolsa, yoki ayolga erining oldiga notanish erkak qo‘ng‘iroq qilsa, bu oilada mojaro va boshqa noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday anglashilmovchiliklarning oxiri yo‘q.

Bir so‘z bilan aytganda, bu holat yangi mijozga noqulaylik yaratishi aniq.

Bundan tashqari, mazkur holat bu raqamning oldingi egasi Telegram, WhatsApp va boshqa messenjer yoki ijtimoiy tarmoqlarda ochgan akkaunti, shaxsiy ma’lumotlari begona odam (shu raqamning keyingi egasi) qo‘liga tushib qolishiga ham sabab bo‘ladi. Buning oqibatida kompaniya mijozning huquqlarini buzmoqda: ushbu achinarli holat uyali aloqa operatorlari tegishli raqamlarning na yangi va na eski egalari haqida qayg‘urmasligidan dalolat beradi, deyiladi «Diydor aziz» maqolasida.

Iste’molchilar huquqini buzayotgan mazkur holatni bartaraf etish uchun uyali aloqa operatorlari o‘z mijozlariga sotilayotgan raqamlarning yangi («new») va oldin ishlatilgan («second hand») ekanligi to‘g‘risida ma’lumot berishlari shart. Bunda, oldin ishlatilgan «second hand» raqamlarni sotib olishga rozi bo‘lgan mijozlarga «ishlatilgan» raqam yuzasidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan «noqulayliklar» yuzasidan ogohlantirilishi shart.

Agar shu holat dunyoning rivojlangan mamlakatida yuz berib, biror mijozga zarar yetkazilganida, katta bir shov-shuvga va mijozga operator tomonidan katta miqdordagi tovon to‘lanishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.

«Hurmatli (bizni hurmat qilmasangiz ham) mobil operatorlar! O‘zbekistonliklarning ham ko‘p narsaga aqli yetadi!» deyiladi «Diydor aziz» maqolasida.


Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.