Mobil protsessorlar bozorida endi Qualcomm lider emas!

  •   DiMaX
  •  1683
  •  26.12.2020 12:16

Mobil protsessorlar bozorida endi Qualcomm lider emas!

Qualcomm yaqinda Snapdragon 888 rusumli flagman protsessorini taqdim qildi. Mobil chipsetlar borasidagi yana bir kompaniya – MediaTek ham faol rivojlanib bormoqda.

O‘QING: Noma’lum Redmi smartfonidagi yangi MediaTek protsessori AnTuTu testida Snapdragon 865’ni mahv etdi!

Counterpoint tahlil kompaniyasi turli brendlarning mobil protsessorlari 2020 yil davomida yetkazib berilishi hajmi bo‘yicha hisobotini e’lon qildi. Joriy yilning uchinchi choragida qiziq holat kuzatilgan – uzoq vaqtlardan beri eng yetakchi chipsoz bo‘lib kelayotgan Qualcomm ikkinchi o‘ringa tushib qolgan. Birinchi o‘rinni esa tayvanlik MediaTek zabt etgan.

Yakuniga yetayotgan yilning sentyabr oyi oxiriga kelib, dunyo bo‘ylab 100 milliondan ortiq smartfon sotilgan bo‘lsa, ularning eng ko‘p qismi – 31 foizi MediaTek protsessorlari bazasida ishlaydi. Sobiq lider hissasiga esa mobil gadjetlarning 29 foizi to‘g‘ri kelgan. Bir yil avval esa amerikalik chipsozning ulushi 31% bo‘lsa, raqibida 26% edi.

Huawei kompaniyasiga qarashli HiSilicon, Samsung kompaniyasining Exynos hamda Apple korporatsiyasining mobil protsessorlari bazasidagi devayslar bozorda esa bir xilda – har biri 12 foizdan sotilgan.

Tahlilchilarning ta’kidlashlaricha, MediaTek kompaniyasining yutug‘iga uning turli protsessorlari bazasiga ishlangan, narxi 100–250 dollar oralig‘ida bo‘lgan smartfonlarning Hindiston bozorida ko‘p sotilishi sababchi bo‘lgan. Shuningdek, Xiaomi mahsulotlari orasida tayvanlik chipsoz ulushi ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan naq uch baravarga oshgan.

Shuningdek, hamyonbop 5G-smartfonlarning aksariyati aynan MediaTek protsessorlari bilan chiqarilayotgani ham muhim ahamiyatga ega. 2020 yilning uchinchi choragida dunyo bo‘ylab sotilgan barcha smartfonlarning 17 foizi beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi chiplar bilan ta’minlangan.

O‘QING: Realme va Redmi’larning hamyonbop 5G-smartfonlari kushandasini Samsung tayyorlamoqda!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!