Mobiuz Toshkentda 5G xizmatini ishga tushirdi

Mobiuz Toshkentda 5G xizmatini ishga tushirdi

O'zbekiston mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan yana bir aloqa operator, Mobiuz, Toshkentda o'zining 5G xizmatini ishga tushirganligini e'lon qildi. Endilikda Mobiuz abonentlari ushbu xizmatni yoqish bilan o'zlarining 5G tarmog'ini qo'llab-quvvatlaydigan qurilmalarida yuqori tezlikdagi beshinchi avlod mobil aloqa standartidan foydalanishlari mumkin. 

Ma'lum bo'lishicha, Mobiuzning 5G tarmog'i poytaxtning quyidagi beshta tumanida joylashgan sakkizta hududlarida ishlaydi:

  • Mirobod tumanida - Oybek metro bekati atrofida, shuningdek, "Poytaxt" savdo markazi hududida;
  • Mirzo Ulug'bek tumanida - "Le Grand Plaza" mehmonxonasi atrofida;
  • Yunusobod tumanida - Mobiuz Markaziy ofisi hududi, shuningdek, “Poytaxt” biznes markazi atrofida;
  • Shayxontohur tumanida - "Fleshka" (Malika) savdo majmuasi hududida;
  • Chilonzor tumanida - Chilonzor buyum savdo kompleksi hududi (Ipadrom bozori) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti atrofida (Tashkent City, Beshyog'och).

Albatta, bu hammasi emas: Mobiuz kelasi bir oy ichida Toshkentning yana bir qancha joylarida 5G stansiyalarini o'rnatishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgan.

Mobiuz 5G tarmog'i tayanch stansiyalari joylashuvi

5G xizmatini yoqish bepul bo'lib, unga abonentlar *223*1# USSD kodini terish orqali yoki 616223 raqamiga 1 sonini SMS qilib yuborish orqali ulanishlari mumkin. 

5G internet tezligiga keladigan bo'lsak, operatorning aytishicha bu undan qanday usulda foydalanishga bog'liq:

- agar siz 75 ming so'm evaziga 50 ming megabaytlik maxsus 5G to'plamni ulasangiz (*225*50000#), bunda internet tezligi 1 Gbit/s gacha bo'ladi;

- agar maxsus to'plamga obuna bo'lmasdan turib 5G dan foydalansangiz unda internet tezligi 300 Mbit/s gacha bo'ladi. 

Batafsil ma'lumotlarni ushbu manzildan olishingiz mumkin.

Aytish kerakki, 5G faqat uni qo'llab-quvvatlaydigan smartfonlarda ishlaydi. Masalan, Apple'ning iPhone 12 qatori va undan yuqori flagman smartfonlari qatori, shu bilan birga, uchinchi avlod iPhone SE modeli 5G ni qo'llab-quvvatlaydi. Samsung smartfonlariga keladigan bo'lsak, kompaniyaning barcha buklamafonlari, Galaxy S10 qatori va undan yuqori modeldagi flagmanlari va o'z nomida 5G bilan keladigan o'rta darajali smartfonlari 5G xususiyatiga ega. 

O'QING: iPhone SE 4 smartfoni iPhone XR dizaynida chiqariladi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.