Monster batareya hajmiga ega o'lmas smartfon!

Monster batareya hajmiga ega o'lmas smartfon!

Xitoyning Oukitel nomli kuchli smartfonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o'zining WP seriyasidagi yangi WP19 smartfonini taqdim qildi. 21,000 mAh sig'imli batareyasi bilan mobil telefonlar kategoriyasida rekord darajadagi batareya hajmiga ega bo'lgan ushbu smartfonda tinimsiz 36 soat video tomosha qilish, 123 soat musiqa tinglash, 122 soat qo'ng'iroqda gaplashish mumkin. To'liq quvvati bilan o'rtacha foydalanishda 1 haftaga yetishi mumkin bo'lgan smartfondan agar foydalanilmasangiz u 2252 soat tura oladi. Bunchalik katta sig'imdagi monster batareya 27W tezlikda 4 soat davomida Type-C porti orqali quvvatlanadi.

Oukitel WP19 smartfoni IP68/IP69K bilan suv, chang, yuqori harorat va og'ir bosimga chidamli bo'lib, u 6.8 dyuymli, 90Hz yangilanish tezligiga ega LCD displey bilan ta'minlangan. Ta'kidlash joizki, ekran biroz qalinroq qora ramka bilan chegaralangan. Uning yumaloq tirqish ichiga joylashtirilgan old kamerasi 64 megapikselni tashkil qiladi.

Orqa tomonida esa uchlik sun'iy intellekt kamera sensorlariga ega. Asosiy kamera 64MP (f1.79) va u Samsung tomonidan ishlab chiqarilgan. Uning yonidagi 2MP (f2.4) sensor makro suratlar olish uchun bo'lsa, Sony tomonidan ishlab chiqarilgan pastdagi 20MP (f2.0) kamera tunda suratlar olishga mo'ljallangan.

Shuningdek, kamera sensorlari yonida joylashgan IR (infraqizil) chirog'i qorong'uda atrof-muhitni ko'rishda yordam beradi.

Smartfon kapot ostida MediaTek Helio G95 chipseti bilan 8GB operativ va 256GB doimiy xotira bilan Android 11 operatsion tizimida ishlaydi. Agar qo'shimcha xotira kerak bo'lsa, Micro SD karta uchun joy ham mavjud. SIM karta uchun esa ikkilik joy ajratilgan. Shuningdek, qurilma 3.5 millimetrlik naushnik porti ham bor. Qo'shimchasiga qurilmada yuzni, barmoqni aniqlash va NFC sensorlari mavjud. Agar smartfonning yomon tomoni bo'lsa, bu uning "birozgina" qalinligi bo'lishi mumkin.

Hozirda Oukitel WP19 telefonini AliExpress onlayn do'konidan $599 narxda onlayn sotib olish mumkin.

O'QING: Smartfonlar bozoriga yangi "o'yinchi" kirib kelmoqda

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.