Dunyodagi eng tezkor oyoq kiyim: Moonwalkers taqdim qilindi

Dunyodagi eng tezkor oyoq kiyim: Moonwalkers taqdim qilindi

Kickstarter platformasida MoonWalkers nomli oyoq kiyimlar taqdim qilindi. Ular istalgan oyoq kiyim bilan magnetli kamarlar orqali yechib-kiysa bo'ladigan elektron qurilma bo'lib, ular yurish tezligingizni 2.5 karraga oshiradi. Roliklardan farqli o'laroq Moonwalkers uchun kuch sarflashingiz shart emas, shunchaki yursangiz bo'ldi, oyoq kiyimning o'zi sizning tezligingizga tezlik qo'shib beradi. Bu xuddi yurish yo'lagi oyog'ingizga o'rnatilganiga o'xshaydi.

Moonwalkers yurish uchun yuqori darajada moslashtirilgan: ular oyoqlaringiz barmoqlari egiladigan joyda buklanadigan ergonomik oshiq-moshiqqa ega. Shuningdek, u foydalanuvchining yurishiga moslashish uchun sun'iy intellekt algoritmlaridan foydalanadi, ya'ni, agar siz biroz tez yurishni boshlasangiz MoonWalker'lar tezligi o'z-o'zidan oshadi, sekin yurishni boshlasangiz ularning ham tezligi asta-sekin pasayadi. Bunda sun'iy intellekt sizga o'rganishi uchun 10 qadam tashlashingiz yetarli bo'ladi.

Moonwalker'lar mutlaqo qo'lsiz boshqariladi va ular ikkita: Lock va Shift rejimlariga ega. Lock rejimda g'ildiraklar harakatlanishi elektron tormoz bilan to'liq qulflanadi, yoxud bu rejim bilan siz zina yoki avtobuslardan bemalol chiqib-tushishingiz yo bo'lmasa piyodalar o'tish joyida svetoforni yashil bo'lishini kutib turishingiz mumkin. Shift rejimi esa sizning yurish tezligingizni oshirib beradi. Bir rejimdan ikkinchisiga o'tish uchun qandaydir tugmani bosishingiz shart emas, Lock rejimiga o'tish uchun shunchaki o'ng tovonni ko'tarish va tushirish, Shift rejimiga qaytish uchun esa o'ng tovonni ko'tarib, uni chap tomonga (oyoq barmoqlarini yerda ushlagan holda) burish kifoya. 

Texnik jihatdan, MoonWalkers oyoq kiyimi 300 vattli elektron motorga ega va u o'z kuchini 8 ta g'ildiraklarga taqsimlab beradi. MoonWalker'larning maksimal tezligi soatiga 11 km ni tashkil qiladi va bunday tezlikdan siz 1 meter masofada to'xtashingiz mumkin. Ularning quvvati esa 10 km gacha masofani bosib o'tish imkonini beradi. Quvvat tugaganda esa siz ularni USB-C porti orqali (50+ Vt tezlikda) 1.5 soatda to'liq zaryadlab olishingiz mumkin. Har bir MoonWalker'lar og'irligi salkam 2 kg ni tashkil qiladi va ular uchun tavsiya qilingan maksimal odam og'irligi 100 kg etib belgilangan, undan yuqori og'irlik esa oyoq kiyimlar tezligiga ta'sir qilishi mumkin.

MoonWalkers ayni damda KickStarter moliyalashtirish loyihalarining biri bo'lib, unga hoziroq 999 dollar narxda oldindan buyurtma berishingiz mumkin. Uning asl narxi esa 1399 dollar. "Qutida" MoonWalker'lar o'zining maxsus sumkasi, hamda, quvvatlovchilari bilan birga keladi. Ilk 100 juft buyurtmalar 2023-yilning mart oyida yetkazib berilishi kutilmoqda. Afsuski, yetkazib berish faqat AQSh uchun amal qiladi.

O'QING: Vertu dunyodagi ilk Web 3 smartfon chiqardi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!