Mopedli to‘da Londondagi Apple Store'ni o‘marib ketdi

Mopedli to‘da Londondagi Apple Store'ni o‘marib ketdi

2017 yilning 13 noyabr tongida bolg‘alar bilan qurollangan bir guruh o‘g‘rilar to‘dasi Londonda joylashgan yirik Apple Store do‘koniga hujum uyushtirdi. Bu to‘g‘rida Digital Trends nashri xabar tarqatmoqda.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, 5 ta mopedda kelgan 10 nafar odam bolg‘alar yordamida do‘kon oynalarini sindirib, Apple do‘koniga kirishgan hamda 3 daqiqa ichida qo‘llariga ilingan gadjetlarni olib, hodisa joyidan g‘oyib bo‘lishgan. Do‘kondan iPhone X, Apple Watch va iPadva boshqa qimmatbaho gadjetlar o‘g‘irlab ketilgan. Ularning bahosi hozircha ma’lum qilinmagan.

Garchi, jinoyatchilik sodir etilgan bo‘lsa ham, do‘kon shu kuni odatdagiday ish boshlagan va savdoni davom ettirgan. Hozirda qidiruv-surishtiruv ishlari boshlangan bo‘lsa ham, biror natija e’lon qilingani yo‘q.

2011 yilda ham mopedli to‘da Londondagi boshqa bir Apple Store do‘konini o‘margan edi. O‘shanda do‘kondan ko‘pchilikning ko‘zini o‘ynatgan qimmat iPhone 4S flagmanlari o‘g‘irlab ketilgan.

Apple texnikalari doim o‘g‘rilarning diqqatini tortib kelgan. Shu yilning 3 noyabrida jinoyatchilar to‘dasi San-Fransiskoda bortida 300 dan ziyod iPhone X bo‘lgan yuk mashinasini olib qochishgan. 2016 yilda ham San-Fransiskodagi Apple Store do‘konidan ish vaqtida iPhone flagmanlari talonchilik yo‘li bilan olib chiqib ketilgan. O‘tgan yili esa Nyu-Yorkda do‘kon xodimi yuniformasini kiygan o‘g‘rilar 60 dan ziyod ayfonlarni o‘g‘irlashgan.

Apple tarixidagi yirik o‘g‘irlik 2017 yilning yozida Niderlandiyada sodir etilgan. O‘shanda 5 nafar jinoyatchilar Apple'ga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyaning yuk mashinasini qo‘lga olib, katta miqdordagi, jami 500 ming yevrolik Apple devayslarini o‘g‘irlab ketishgan. Ko‘p o‘tmasdan ular qo‘lga olingan va qonun oldida javob berishgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!