Moto Z2 Force flagmani iPhone 8’dan ham qimmatga tushyapti

  •   DiMaX
  •  1789
  •  27.09.2017 12:54

Moto Z2 Force flagmani iPhone 8’dan ham qimmatga tushyapti

Lenovo kompaniyasi «o‘ldirib bo‘lmas» displeyli Moto Z2 Force flagmanining hamda hamyonbop Moto X4 smartfonining Rossiyadagi narxlarini ma’lum qildi. Buni qarangki, uning flagmani narxi hatto iPhone 8 narxidan ham oshib tushyapti, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru.

Moto Z2 Force modeli Motorola brendining 2017 yildagi asosiy flagmani bo‘ldi. Unga sinmaydigan ShatterShield ekrani o‘rnatilgan, smartfon MotoMods modullarini qo‘llab-quvvatlaydi va kamerasi qo‘sh ob’yektivlidir. Qurilma ilg‘or Snapdragon 835 protsessori bazasida ishlaydi, tezkor xotirasi 4 gigabaytga teng.

Tabiiyki, flagmanlik xususiyatlari smartfonning qiymatiga ham ta’sir ko‘rsatgan – uning Rossiyadagi tavsiya etilgan narxi 59 990 rublni (taxminan 1043 dollarni) tashkil etadi. Bu esa, Lenovo’ning ushbu devaysi kupertinolik gigantning yaqindagina taqdim etilgan iPhone 8 modelidan ham 3 000 rublga qimmatga tushyapti, deganidir.

Moto Z2 Force xususiyatlari:

  • Displey: 5,5 dyuymli, 1440x2560 pikselli, AMOLED;
  • Chip: Snapdragon 835;
  • Xotira: 4 GB tezkor va 64 GB doimiy, yana 256 GB.gacha hajmli microSD-karta o‘qiydi;
  • Kamera: asosiysi – 12+12 Mp; old kamera – 8 Mp;
  • Akkumulyator: 2730 mA/soat;
  • Operatsion tizim: Android 7.1.1 Nougat.

Shuningdek, Rossiyada bu kompaniyaning Moto X4 rusumli yangi smartfoni ham sotiladi. Garchi o‘rta narx segmentiga mansub bo‘lsa-da, u ham qo‘shaloq kameraga ega. Gadjetga Snapdragon 630 protsessori hamda diagonali 5,2 dyuymli Full HD-displey o‘rnatilgan.

Lenovo’ning mazkur smartfoni Rossiyada 29 990 rubl (taxminan 521 dollar) narxida taqdim etiladi, uning sotuvi noyabrda boshlanadi.

Moto X4 xususiyatlari:

  • Displey: 5,2 dyuymli, Full HD sifatli, LTPS IPS;
  • Protsessor: 2,2 GGs.gacha chastotada ishlovchi 8 yadroli Snapdragon 630;
  • Xotira: 3/4 GB tezkor hamda 32/64 GB doimiy, shuningdek, 2 TB.gacha hajmli microSD-karta o‘qiydi;
  • Kamera: asosiysi – f/2,0 diafragmali 12 Mp + f/2,2 diafragmali 8 Mp, old kamerasi – 16 Mp;
  • Akkumulyator: 3000 mA/soat;
  • Operatsion tizim: Android 7.1 Nougat;
  • O‘lchamlari: 148,35x73,4x7,99 mm, vazri 163 g.