Motorola beshta yangi smartfonni taqdim etdi

Motorola beshta yangi smartfonni taqdim etdi

Motorola kompaniyasi Moto G seriyadagi beshta yangi smartfonni taqdim etdi. Ular orasida byudjet, o‘rta toifa hamda flagman sinfiga kiruvchi smartfonlar bor.

O‘QING: Naq 3,000 dollarlik smartfon taqdim etildi

Ikkita model kattaroq hajmdagi hamda yuqori chastotada ishlovchi LCD displeyi bilan jihozlangan bo‘lsa, qolgan uchtasi nisbatan kichik hajmdagi OLED displeyi bilan jihozlangan.

Barcha smartfonlar 5,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. Ularning quvvatlanish tezligi esa turlicha. Shuningdek, barcha qurilmalar Android 11 operatsion tizimida ishlaydi. Kompaniya ularni bir necha yillik tizim yangilanishlari bilan ta’minlashga va’da beradi.

Motorola Moto G200 5G

Avvalgi Moto G100 bilan taqqoslaganda ushbu smartfonda uchta katta o‘zgarish bo‘lgan. Birinchi farq ularning chipsetida. Moto G200 smartfon Qualcomm'ning hozirda eng kuchli bo‘lgan Snapdragon 888+ chipi bilan jihozlangan. 450 yevro evaziga smartfon yuqori unumdorlikni taqdim etadi.

Yana bir sezilarli o‘zgarishlardan biri - bu yangi qurilmaga kattaroq 6.8 dyuymli displey o‘rnatilgan. Displey 144Hz ekran yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Odatda bunday yuqori yangilanish chastotasi o‘yinbop smartfonlarda bo‘lar edi. Displeyda, shuningdek, HDR10 hamda DCI-P3 rang imkoniyatlari mavjud.

Smartfon 8GB LPDDR5 tezkor xotira hamda 128/256GB UFS 3.1 doimiy xotirasiga ega.

So‘nggi katta o‘zgarish esa qurilmaning kamera imkoniyatlarida. Smartfondagi 108MP asosiy kamera orqali 8K formatdagi videolarni yozib olishi mumkin.

Shuningdek, ushbu kamera slow motion rejimi orqali 960 kadr/sekund formatda video olishga qodir. 13MP ultrakeng kamera avtofokus hamda makro imkoniyatlariga ega. Uchinchi sensor esa bu - sath kamera.

Old tomondagi selfi kameraning rezolyutsiyasi 16MP ni tashkil qiladi.
Smartfon 5,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lib, uni 33 vattda quvvatlash mumkin. Qurilmaning korpusi plastikdan ishlangan, orqa panel matoviy qoplamga ega. Shuningdek, smartfonda IP52 standarti mavjud.

Moto G200 5G yaqin haftalar ichi Yevropa hamda Lotin Amerikasi mamlakatlarida sotuvga chiqadi.

Motorola Moto G71 5G

Ushbu smartfon 1080p rezolyutsiyadagi 6.4 dyuymli displeyga ega bo‘lib, u 60Hz ekran yangilanish chastotasida ishlaydi. Qurilma bir necha hafta oldin taqdim etilgan Snapdragon 695 chipi bilan jihozlangan.

Yangi chip avvalgi Snapdragon 690'ga qaraganda 15% yuqori CPU unumdorligi hamda 30% yuqori GPU unumdorligini taqdim etadi. Shuningdek, Snapdragon 690 olti nanometrlik jarayon asosida yaratilgan bo‘lib, yaxshiroq quvvat samaradorligiga ega.

Qurilma 6GB/8GB tezkor xotira hamda 128GB doimiy xotiraga ega. Xotirani microSD kartasi bilan kengaytirish mumkin.

Moto G71 smartfoni 50MP asosiy kamera, 8MP ultrakeng kamera hamda 2MP makro kameraga ega. Qurilma 1080p rezolyutsiya, 60 kadr/sekund formatda videoga olishi mumkin.

Smartfon kichikroq o‘lchamda bo‘lishiga qaramay, unga 5,000 mAs akkumulyator o‘rnatilgan. Quvvatlanish tezligi esa 30 vattni tashkil qiladi. 50% quvvat to‘plash uchun qurilma yarim soat vaqt sarflaydi. Moto G200 kabi ushbu qurilma ham Dolby Atmos funksiyasi hamda IP52 standartiga ega.

Moto G71 Yevropa, Lotin Amerikasi, Osiyo davlatlarida sotuvga chiqadi. Uning narxi 300 yevroni tashkil qiladi.

Motorola Moto G51 5G

Ushbu smartfonni G200 hamda G71 qurilmalarining qorishmasi deyish mumkin. U 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi Snapdragon 480+ chipiga ega. Shuningdek, qurilma 6.8 dyuymli LCD displeyiga ega bo‘lib, ushbu displey 120Hz ekran yangilanish chastotasida ishlaydi.

Agar G200 smartfonini qimmat desangiz, 5G hamda katta displeyga ega bo‘lgan ushbu smartfonni sotib olishingiz mumkin. Qurilmaning narxi 230 yevroni tashkil qiladi.

Qurilmadagi kameralar G71 smartfonidagi kameralar bilan bir xil, ya’ni unga 50MP asosiy kamera, 8MP ultrakeng kamera, 2MP makro kamera o‘rnatilgan. Xotira hajmi esa 64GB yoki 128GB ni tashkil qiladi.

Smartfonda 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator mavjud. Biroq uni faqatgina 10 vattda quvvatlash mumkin. G51'da ham IP52 standarti mavjud.

Qurilma birinchi Yevropa bozorida sotuvga chiqadi, keyinchalik uni Lotin Amerikasi hamda Osiyo davlatlarida ham sotib olish mumkin.

Motorola Moto G41

Ushbu qurilma 60Hz chastotada ishlovchi 6.4 dyuymli displeyga ega. Qurilmaning narxi 250 yevroni tashkil qiladi.

Smartfonga Helio G85 chipi o‘rnatilgan bo‘lib, afsuski, ushbu chip 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydi. Qurilma 4GB/6GB tezkor xotira hamda 64GB/128GB doimiy xotiraga ega. Xotira hajmini microSD kartasi bilan kengaytirish mumkin.

Moto G41'ning asosiy kamerasi 48MP bo‘lib, unda optik surat barqarorlashtirgich funksiyasi mavjud. Qurilma, shuningdek, 8MP ultrakeng kamera bilan ham jihozlangan. Yuqoridagi smartfonlar kabi Moto G41 ham 5,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. Akkumulyatornn esa 30 vattda quvvatlash mumkin.

Smartfon Yevropa, Lotin Amerikasi hamda O‘rta Sharq davlatlarida sotuvga chiqadi.

Motorola Moto G31

Eng so‘nggi smartfon bu - Moto G31 bo‘lib, u 6.4 dyuymli OLED displeyiga ega. Displey 60Hz chastotada ishlaydi. Qurilma Helio G85 chipi bilan jihozlangan. Ya’ni G31 ham 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydi. Smartfon 4GB tezkor xotira hamda 64GB/128GB doimiy xotiraga ega. Xotirani microSD kartasi bilan kengaytirishning imkoni mavjud.

Smartfonda shuningdek, 50MP asosiy kamera, 8MP ultrakeng kamera, 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator hamda 10 vatt quvvatlash texnologiyasi mavjud.

Ushbu smartfonning narxi 200 yevroni tashkil qiladi. Bu beshta smartfonning ichidagi eng arzon qurilma.

O‘QING: Galaxy A73'ning renderlari e’lon qilindi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!