Motorola Edge S taqdim etildi – yap-yangi Snapdragon 870 protsessorli ilk flagman!

  •   DiMaX
  •  903
  •  27.01.2021 09:57

Motorola Edge S taqdim etildi – yap-yangi Snapdragon 870 protsessorli ilk flagman!

Qualcomm o‘tgan haftada Snapdragon 870 rusumli yangi protsessorini namoyish qilgan edi. Aslida uni Snapdragon 865+ chipsetining biroz kuchaytirilgan versiyasi, desa ham bo‘laveradi.

O‘QING: Mobil protsessorlar bozorida endi Qualcomm lider emas!

Yangi protsessor bazasidagi ilk smartfonni esa hozirgi kunda Lenovo kompaniyasiga qarashli bo‘lgan brend chiqardi. Ushbu flagman Motorola Edge S nomini olgan.

Smartfon diagonaliga 6,7 dyuymlik ekranga ega unda tasvir aniqligi 2520x1080 piksellik bo‘lsa, kadr yangilanish chastotasi 90 gersga teng. Displeyda selfi-kameraning 16 va 8 megapiksellik sensorlari uchun alohida-alohida ikkita tirqish ochilgan.

Motorola Edge S kvadrokamerasi esa 64 megapiksellik asosiy sensorni, 16 megapiksellik o‘ta keng burchakli ob’yektivga ega modulni hamda 2 megapiksellik sahna chuqurligi datchigini, shuningdek, ToF-kamerani o‘z ichiga olgan.

Qurilmani yangicha – Turbo LPDDR 5 toifali tezkor hamda Turbo UFS 3.1 standartidagi doimiy xotira chiplari bilan jihozlashgan. Ular smartfonning tezligini oldingi avlod xotiralariga nisbatan 72 foizga oshirish imkonini bergan. Motorola uni eng yangi operatsion tizim talqini – Android 11 bilan chiqargan.

O‘QING: Android 11’gacha yangilanishi aniq bo‘lgan Samsung, OnePlus, Xiaomi, Oppo, Realme, Huawei, Motorola, LG va Nokia smartfonlari

Edge S akkumulyatorining tok sig‘imi 5000 mA/soatlik bo‘lib, Motorola unga 20 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasini joriy etgan. Barmoq izi skanerini korpusning yon qirrasiga o‘rnatishgan.

Ushbu smartfon 5G, WiFi 6 (802.11 a/b/g/n/ac/ax), NFC, Bluetooth 5.1 tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning korpusida USB Type-C porti hamda 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham bor.

Motorola Edge S ikki xil rangdagi korpuslarda ishlab chiqarilmoqda va Xitoyda allaqachon unga buyurtma berish mumkin. Uning tezkor/ichki xotirasi 6/128 gigabaytlik varianti 310 AQSh dollariga, 8/128 GBlik varianti 370 dollarga va 8/256 gigabaytligi 433 dollarga teng narxda sotilmoqda.

O‘QING: Eng tez va eng sekin arzonlashuvchi smartfonlar: qaysilarining narxi ikki karra tez pasayadi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!