Motorola o'zining Razr 40 va Razr 40 Ultra buklamafonlarini taqdim qildi!

Motorola o'zining Razr 40 va Razr 40 Ultra buklamafonlarini taqdim qildi!

Bir necha oylik mish-mishlar va ma'lumotlar tarqalishidan so'ng, vanihoyat, Motorola o'zining yangi avlod Razr buklamafonlarini rasman taqdim qildi. Ular "Razr 40" va "Razr 40 Ultra" deb nomlanadi. Agar ularni "Razr (2023)" va "Razr+" deb atalayotganini eshitsangiz ham hayron bo'lmang – ular AQSH bozori uchun shunday nomlangan. 

Razr 40 (yoxud Razr (2023))

Yangi Razr seriyasidagi ushbu buklamafon boshlang'ich model bo'lib, u o'zidan katta modelga qaraganda ancha kichik orqa ekranga ega. Ehtimol, buni Motorola o'zining buklanadigan smartfonlariga o'rnatgan eng kichik qo'shimcha displey deyish mumkin. Gorilla Glass Victus himoya paneli ostidagi 1.47 dyuymli (piksel rezolyutsiyasi 194×368) ushbu ekran sizga bildirishnomalar va ob-havo ma'lumotlarini ko'rish va musiqani boshqarish kichik imkoniyatlarga ega. U xuddi Galaxy Z Flip 4 da bo'lgani kabi orqa kameralarga birlashtirib yuborilgan.

Kameralarga haqida gap ketganda shuni aytish kerakki, buklamafon 64 megapikselli asosiy (OIS bilan) va 13 megapikselli ultra-keng (makro linza bilan) kameralar bilan jihozlangan. Buklamafonni ochadigan bo'lsangiz, siz 6.9 dyuymli 144 gerts yangilanish tezligi va 2640×1080 piksel rezolyustiyasidagi pOLED displeyga ega bo'lasiz. U yerda selfilar uchun 32 megapikselli kamera ham bor.

Texnik xususiyatlarga keladigan bo'lsak, Razr 40 yoxud Razr (2023) buklamafoni Snapdragon 7 Gen 1 chipsetida 8/12 GB operativ va 128/256 GB doimiy xotira bilan Android 13 operatsion tizimida ishlaydi. Bunda u uch yillik Android, hamda 4 yillik xavfsizlik yangilanishlarini qabul qiladi. Buklamafonning bir kun yoki undan ko'proqqa yetishi aytilayotgan 4200 mA/soat batareyasini USB-C kabel bilan 30 Vt tezlikda, simsiz esa 5 Vt tezlikda quvvatlash mumkin.

Qatordagi oddiy model bo'lishiga qaramay, Razr (2023)/Razr 40 orqa tomoni charm bilan qoplangan va u qaymoq rang, siyohrang va yashil ranglarda taklif qilinadi. Uning narxi Yevropa mamlakatlarida 799 yevrodan boshlanishi aytilmoqda. 

Razr 40 Ultra (yoxud Razr+)

Motorola'ning bu yilgi "haqiqiy" Razr buklamafoni, Razr 40 seriyasidagi yuqori model – Razr 40 Ultra (yoxud Razr+) buklamafoniga kelsak, u o'zining orqa tomonidagi juda katta qo'shimcha ekrani bilan yaqqol ko'zga tashlanadi. Ta'kidlash joizki, hozirgi kunga qadar buklamafonlarga o'rnatilgan eng katta orqa ekran hisoblanadi. Bunda qurilmani "qo'shimcha ekranli smartfon" emas "ikki ekranli smartfon" deyish mumkin. Ehtimol, siz ushbu tashqi ekrandan asosiy ekranga qaraganda ko'proq foydalanishingiz mumkin, chunki u buklamafonni ochmasdan turib undagi deyarli barcha ilovalarga kirish imkonini beradi. Ajoyib shunday emasmi?

Ushbu pOLED qo'shimcha displey 3.6 dyuym (1066×1056 piksel) o'lchamda bo'lib, u 1100 nit maksimal yorqinlikka erisha oladi. Gorilla Glass Victus bilan himoyalangan ekran yangilanish tezligi 144 gerts. U orqali siz YouTube videolar ko'rishingiz, Google Maps xaritasidan foydalanishingiz, elektron pochta xabarlariga buklamafonni ochsmasdan javob yo'llashigiz va hatto o'yin o'ynashingiz ham mumkin.

Ko'rib turganinggizdek, orqa ekran smartfonning ikki kameralari va LED chirog'ini ham o'z ichiga oladi. Ushbu kameralarning asosiysi 12 MP (f/1.5) bo'lsa, ikkinchisi 13 MP (f/2.2). Katta qo'shimcha ekran bilan ushbu kameralar orqali tasvirlar olish yanada qiziqarli bo'ladi. Masalan, asosiy kamera orqali siz o'zingizni ko'rib turgan holda selfilar olishingiz yoki kimdir sizni asosiy kamera bilan videoga olayotganda o'zingizni orqa ekran orqali ko'rib turishingiz mumkin.

Ichkariga o'tadigan bo'lsak, buklamafonning asosiy ekrani 6.9 dyuym va u 165 gerts yangilanish tezligiga ega. FHD+ rezolyutsiyasidagi ushbu ekran 1400 nit maksimal yorqinllik erisha oladi. Ushbu ekranning yuqori markazidagi yumaloq tirqishda 32 megapikselli selfi kamera joylashgan.

Qurilma kapot ostida Snapdragon 8+ Gen 1 chipseti, 8/12 GB operativ va 256/512 GB doimiy xotira bilan Android 13 operatsion tizimida ishlaydi. Garchi yuqori model bo'lsa ham, buklamafon oddiysiga qaraganda biroz kichikroq batareyaga ega: qurilmaning 3800 mA/soat batareyasini 30 Vt tezlikda sim orqali, 5 Vt tezlikda esa simsiz quvvatlash mumkin.

Aloqa va ulanish borasida 5G, Wi-Fi 6e va Bluetooth 5.3 texnologiyalari qo'llab-quvvatlanadi. Shuningdek, buklamafonda, ikkilik stereo ovoz kuchaytirgichlar, 3 ta mikrofon, kontaktsiz to'lovlar uchun NFC, hamda, xavfsizlik uchun barmoq izi skaneri (yon tomonda) mavjud. Qurilma IP52 sertifikati bilan suvga chidamli deb topilgan.

Razr 40 Ultra/Razr+ buklamafoni qora va moviy (charmsiz, shisha oynali) shu bilan birga magenta (charmli) rangli variantlarda sotuvga chiqariladi. Yevropa mamlakatlarida uning narxi 1199 yevroga, Razr+ (256 GB) esa AQSHda 999 dollarga baholangan.

Buklamafonlar sotuvlari Xitoyda 5-iyundan, Amerikada 23-iyundan, Yevropa mamlakatlarida esa bugundan boshlanadi. 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.