Mutaxassislar eng yaxshi va eng yomon iPhone modellarini aniqlashdi

  •   DiMaX
  •  2160
  •  02.07.2017 15:37

Mutaxassislar eng yaxshi va eng yomon iPhone modellarini aniqlashdi

Apple kompaniyasi iPhone nomi ostida o‘zining bir qator smartfonlarini taqdim etib kelmoqda, ularning har biri ham o‘z davrida yetakchilardan bo‘lib, o‘ziga yarasha nom qozongan. Biroq muayyan modellarning ishlab chiqaruvchiga keltirgan daromadi hamda bu bilan kompaniya aksiyalarining o‘sishiga qarab, ekspertlar iPhone’larning eng yaxshi va eng yomon modellarini aniqlashdi. Bu xususda «Ekonomika segodnya» nashri xabar bermoqda.

Wall Street investorlari har bir yangi iPhone modelining chiqarilishi bilan Apple kompaniyasining aksiyalari naxlari oshishini tahlil qilishdi. Shu tariqa, «Olma»ning eng muvaffaqiyatli hamda aksincha – eng muvaffaqiyatsiz chiqqan telefonlarini ma’lum qilishdi.

Tadqiqotlar natijasida aniqlanishicha, iqtisodiyot ko‘zi bilan qaraganda iPhone’larning eng yaxshisi – uning 2007 yili chiqqan birinchi modeli ekan. Axir, u savdoga chiqarilganidan keyingi 12 oy ichida Apple’ning aksiyalari narxi ikki baravardan ham ziyod – naq 119 foizga oshgan!

Iqtisodiy samaradorligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi model esa undan to‘rt yil keyin chiqqan iPhone 4s ekan. Uning sotuvga chiqarilishi arafasidagi 6 oyda Apple aksiyalari 28 foizga oshgan. Smartfon sotila boshlaganidan keyingi olti oy mobaynida esa bu ko‘rsatkich 36 foizligicha turgan.

Mutaxassislarning fikricha, kompaniyaning o‘zi uchun eng muvaffaqiyatsiz chiqqan smartfon modeli – 2012 yilgi iPhone 5 ekan. Axir, u bozorga taqdim etilganidan keyingi bir yil ichida Apple’ning aksiyalari 36 foizga arzonlab ketgan-da!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!