Mutlaqo romsiz Samsung Galaxy X’ning ilk videosi va suratlarini tomosha qiling!

  •   DiMaX
  •  2877
  •  07.12.2017 11:06

Mutlaqo romsiz Samsung Galaxy X’ning ilk videosi va suratlarini tomosha qiling!

Samsung o‘zining Galaxy X smartfonini tayyorlayotgani haqida ko‘pdan beri xabarlar chiqyapti, ularga ko‘ra, AMOLED-ekrani va korpusi qayishqoqligi evaziga, mazkur gadjetni istalgan tomonga (ma’lum darajada, albatta) bukish mumkin bo‘larmish. Endi esa, Science and Knowledge kanali dizaynerlari ushbu devaysning ilk render suratlarini hamda videosini ishlab chiqishdi, deb yozadi AKKet nashri.

O‘QING: Inqilobiy buklama smartfon – Galaxy X taqdimoti va savdoga chiqarilish vaqti aytildi

Bir qarashda bu qurilma Samsung Galaxy S8 modelining yaxshilangan versiyasiga o‘xshab ketadi. Ammo romlardan mutlaqo xoli ekranga, qo‘sh modulli asosiy kameraga va yuz skaneriga ega.

Science and Knowledge mutaxassislari Samsung bo‘lajak superflagmanini har tomonlama ko‘rsatishdan tashqari, uning ayrim texnik xususiyatlarini ham oshkor etishdi. Biroq bularning bari hali tasdiqlangan ma’lumotlar asosida emas, balki shu paytgacha tarqalgan mish-mishlarga tayangan holda, dizaynerlik fantaziyalarini qo‘shgan holda ishlangan. Janubiy koreyalik korporatsiyaning flagmani amalda bundan farq qilishi mumkin.

Xullasi kalom, dizaynerlarning fikricha, Samsung Galaxy X gadjetiga diagonali 5,8 dyuymga teng bo‘lgan AMOLED-ekran o‘rnatiladi. Displeyning tasvir aniqligi 2880x1440 pikselli, ya’ni QHD+ formatida bo‘ladi. Ekranning tomonlarining o‘zaro nisbati esa 18:9 ni tashkil etadi.

Yangi superflagmanning «yuragi» sifatida hali kecha rasman taqdim etilgan sakkiz yadroli, 2,8 GGs takt chastotasida ishlovchi ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 protsessori xizmat qiladi. Unga Adreno 640 grafik tezlatgichi ko‘makdosh bo‘ladi.

O‘QING: Yangi flagmanlar "fishka"si – Qualcomm Snapdragon 845 taqdim qilindi

Galaxy X tezkor xotirasi 4/6 gigabayt, doimiy xotirasi esa 64/128 gigabayt hajmga ega bo‘ilish aytilayotir. Unga zamonaviy USB Type-C porti ham, quloqchin uchun 3,5 millimetrlik tirqish ham qo‘yilgan. Devaysning asosiy kamerasi 16 megapiksellik ikkita ob’yektivni o‘z ichiga oladi, old kamerasi ham 16 megapiksellik modulga ega. 4150 mA/soat sig‘imga ega akkumulyatori esa Fast Charge (Quick Charge 2.0) tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Telefonning o‘zi Always-On Display texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi aytilgan.

O‘QING: Samsung saytida buklama Galaxy X «ko‘rindi»

Ushbu superflagman korpusining old va orqa paneliga Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasi yotqiziladi. Shuningdek, korpus IP68 standartiga ko‘ra suv va changdan himoya sertifikatiga ham ega bo‘ladi, deyishmoqda. Shuning sharofati bilan Samsung Galaxy X ikki metrgacha suv tubida bir soatgacha muddatda qolib ketsa ham shikastlanmaydi. Telefonning karkasi esa, uning mustahkamligini ta’minlash maqsadida, maxsus po‘lat qotishmasidan ishlanadi.

Mana, Science and Knowledge kanali dizaynerlari talqinidagi Samsung Galaxy X smartfonini videoda tomosha qiling:

Ehtimol, hali Samsung Galaxy X bundan butunlay boshqacha bo‘lib chiqar, chunki tasvirlangan mobil qurilma Galaxy S9 yoki Galaxy S10 modeli, deyishga ko‘proq loyiq. Zero, Samsung kompaniyasi smartfonlarining har bir turkumi odatda o‘zining ajralib turuvchi xususiyatlariga ega; Galaxy X turkumining asosiy «fishka»si esa buklama ekran va korpus bo‘lishi kutilmoqda. Ana shundagina u bozordagi eng inqilobiy smartfon nomiga loyiq bo‘ladi.

Lekin nima bo‘lganda ham, yuqoridagi suratlarda va videoda aks ettirilgan qurilma hayratga loyiq, nima dedingiz?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!