MWC 2017: eng antiqa qurilmalar!

  •   DiMaX
  •  1490
  •  09.03.2017 11:56

MWC 2017: eng antiqa qurilmalar!

Mobile World Congress ko‘rgazmasi – nafaqat mobil qurilmalarning, balki turlicha texnologiya yutuqlarining va shu sohadagi qiziqarli yangiliklarning ham namoyishidir. Quyida bu yilgi ko‘rgazmaning eng qiziqarli, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan g‘aroyibotlariga bir nigoh solamiz.

Kishilar va yuklarni tashuvchi aqlli platforma

Chetdan qaraganda, Ford kompaniyasi Barselonaga oddiy robot-changyutgich olib kelgandek tuyulishi mumkin. Ammo, tabiiyki, g‘ildiraklari, faralari va stop-signallari mavjud bo‘lgan doira shaklidagi bu platforma aslo elektron supurgi emas. Tanishing: bu – odamlarni va yuklarni tashishga mo‘ljallangan hamda Carr-E deb nomlanuvchi kelajak transport vositasi hisoblanadi!

Harakatlanuvchi platforma to‘rtta g‘ildiragi evaziga juda baquvvat bo‘lib, 120 kilogrammgacha vaznli kishini bemalol ko‘tara oladi. Ammo uni boshqa maqsadlarda ham qo‘llash mumkin: masalan, bir qop kartoshkani yoki boshqa biror og‘ir yukni uygacha olib kelishda asqotadi u. Carr-E o‘z egasining buyruqlariga bo‘ysunib harakatlanadi, uning ichiga o‘rnatilgan datchiklar esa yo‘ldagi to‘siqlarni chetlab o‘tishga yordam beradi.

Platformaning tezligi 18 km/soatgacha yetadi. Bitta akkumulyatorning to‘liq quvvati bilan u 20 kilometrdan oshiq yo‘lni bosib o‘ta oladi. Agarda Carr-E’ning quvvati kutilmaganda tugab qolsa ham, yaqin oradagi rozetkagacha uni shundoqqina qo‘lda ko‘tarib borish mumkin. Buning uchun unga maxsus tutqich o‘rnatilgan, butun qurilmaning vazni esa atigi 15 kilogramm atrofida.

Carr-E’ning savdoga chiqarish vaqti haqida hozircha ma’lumot berilmayapti. Taxminlarga ko‘ra, mazkur platforma kelajak transport ekotizimining bir qismi bo‘ladi. Mazkur tizim konsepsiyasini yaratish ustida esa Ford ayni damda faol ish olib borayotir.

Smartfonni 20 daqiqada quvvatlovchi adapter

Meizu kompaniyasi MWC 2017 ko‘rgazmasida o‘zini juda boshqacha namoyon etdi, deyilmoqda xabarlarda. Xitoyliklar bu gal biror yangi gadjet emas, balki juda istiqbolli texnologiyani taqdim etishdi – Super mCharge tezkor quvvatlantirish texnologiyasi. Uning asosini tashkil etuvchi yirik va og‘irgina adapter maxsus USB Type-C kabeli orqali 3000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorni atigi 20 daqiqa davomida to‘ldira oladi!

O‘zingiz ham anglab yetgandirsiz – u faqat Meizu smartfonlari bilangina ishlaydi. Ularning ham hammasiga emas, balki endi ishlab chiqarishga joriy etilayotgan ayrim modellarga tushadi bu adapter. Masalan, yaqin orada taqdim etiladigan Pro 7 modeliga. Ehtimol, keyinchalik Meizu bu adapterni boshqa ishlab chiqaruvchilar qurilmalariga moslab ham chiqarar.

Adapter va kabelning xususiyatlari anchagina jiddiy. Zaryadka 11 volt kuchlanish va 5 amper tok kuchida ishlaydi, quvvati – 55 vatt. Super mCharge simi esa uch baravar yuqori – 160 vattgacha bardosh beradigan qilib chiqarilgan. Meizu vakillarining va’dasiga ishonsak, mazkur texnologiya akkumulyatorning ishlash qobiliyatiga umuman salbiy ta’sir etmaydi. 800 marta to‘la quvvatlantirilganda batareya o‘z sig‘imining ko‘pi bilan 20 foizini yo‘qotishi mumkin, deyishyapti ular.

Barabanchi robot

MWC 2017 innovatsiyalar hududida hammaning diqqatini bitta shovqin o‘ziga jalb etdi. Bu – KUKA kompaniyasi tomonidan olib kelingan barabanchi robot edi. Uning ijrosini quyidagi lavhada o‘zingiz ko‘rishingiz mumkin:

Besh karralik optik zumga ega smartfon

Hali ko‘pchilik ikki karrali zum bo‘yicha iPhone 7 Plus zo‘rmi, yoki Huawei P10 kamerasimi, deya bahslashib o‘tirishganida, Oppo kompaniyasi ishlab chiqaruvchilari amaliy ish bilan band bo‘lishgan ekan. MWC 2017’ga ular besh karralik optik zumga ega smartfon olib kelishdi!

1 karrali zumda olingan tasvir

5 karrali zumda olingan tasvir

Tasvirning zumi uchun jiddiy optik tizimga ega bo‘lgan alohida ob’yektiv mas’ul. Qisqacha aytganda, uning kamerasi to‘laqonli fotoapparatlarnikidek ishlaydi.

Mazkur hayratomuz fotomodul aynan qaysi smartfon modeliga o‘rnatilishi hozircha noma’lum. Ko‘rgazma stendiga qo‘yilgan barcha namunalar bir xil ko‘rinishdagi plastik g‘iloflarga solingan bo‘lgan. Ularga qarab xulosa chiqarish mumkinki, bu gadjetlar aytarli qalin smartfonlar emas.

Butkul avtonom poygachi elektrokar

Ko‘rgazmada avtomobillar, tabiiyki, gadjetlarga nisbatan anchagina kam bo‘ldi. Ammo ular orasidan eng g‘ayrioddiysi – Roborace kompaniyasining Robocar nomli poyga elektrokari edi. Ishlab chiqaruvchilari uni shunchalik aqlli qilishganki… mashinada nafaqat yo‘lovchilar uchun, balki hatto haydovchi uchun ham joy yo‘q!

Bu atay shunday qilingan. Shunchaki, Robocar – kelajak poygalari uchun yaratilgan butunlay avtonom ishlovchi ilk avtomobildir. Hatto shu poygalar uchun nom ham topib qo‘yishgan – Formula E. Bir tomondan, bu poygalar yengil va juda tezkor o‘zini-o‘zi boshqaruvchi avtomobillar poygasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan – iste’dodli dasturchilarning aql bahsi ham bo‘ladi. Albatta-da, axir, 300 km/soatdan oshiq tezlikda uchib borayotgan 975 kilogrammlik ro‘daponi burilishlarda oqilona tarzda tezlikni pasaytirishga, xuddi o‘zi kabi boshqa bolidlar bilan to‘qnashmasdan marraga intilishga o‘rgatish uncha-muncha dasturchining qo‘lidan keladigan ish emas-ku!

Xullasi kalom, texnologiyalar rivoji biz hatto o‘ylab ham ko‘rmagan yangiliklarni taqdim etayotir. Ulardan boxabar bo‘lib borish uchun esa bizdan uzoqlashmang!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!