Namanganlik o‘quvchi o‘z IT-loyihalari daromadidan oilasiga Gentra olib berdi

  •   DiMaX
  •  1220
  •  16.06.2021 17:58

Namanganlik o‘quvchi o‘z IT-loyihalari daromadidan oilasiga Gentra olib berdi

Namangan shahridagi 2-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 9-sinf o‘quvchisi Umar Ulforiq Rustamovning 10 yoshidan buyon kompyuter va axborot texnologiyalariga qiziqishi baland. Qat’iy ahd va maqsadga aylangan ana shu qiziqish yo‘lidagi izlanish va intilishlar natijasida 14 yoshidan dasturlar bo‘yicha ishlash va saytlar yaratish bilan professional faoliyat sifatida shug‘ullanib keladi, deb yozadi Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

O‘QING: «Chiqindi qutisi bolasi» – go‘dakligidayoq tashlab ketilgan millioner dasturchi hikoyasi

Veb saytlar ustida ishlash va dasturlar yaratish bo‘yicha o‘quv markazlarida bilim va salohiyatini oshirgan Umar Ulforiq hozirga qadar yaratgan saytlar soni yigirmadan ortib ketdi.

U yaratayotgan loyihalar buyurtmachilari, asosan, Rossiya Federatsiyasida. Qolaversa, ayni paytga qadar Amerika Qo‘shma Shtatlaridan tushgan bitta, Janubiy Koreyadan tushgan 2 ta buyurtma bo‘yicha saytni takomillashtirish va yangidan yaratib berishni samarali bajargan yosh dasturchiga yirik loyihalar bo‘yicha ham hamkorlik takliflari bo‘lib turadi.

Xususan, Rossiyadagi turistik agentlik buyurtasiga ko‘ra u yaratgan muvaffaqiyatli loyiha uchun buyurtmachilar tomonidan 6700 AQSh dollari miqdorida haq to‘langan.

Har bir saytni yaratish ustida hajmiga qarab 15 – 20 kundan, yirik loyihalar bo‘yicha 2 – 3 oygacha ishlaymiz. Dasturlar, loyihalar, saytlarni yaratish va animatsiyalar bo‘yicha Adobe XD, Premiere Pro kabi dasturlardan foydalanamiz. Dastlabki paytlarda o‘zim mustaqil o‘rgangan bo‘lsam va satlarni bir o‘zim yaratgan bo‘lsam ayni paytda 6 kishilik jamoa bilan ish olib boryapmiz. Ularning barchasi 7-, 11-sinf o‘quvchilari, shuningdek onlayn qiziquvchilar ham loyihalarimizni yaratish borasida ishtirok etadilar va kuzatadilar, – deydi IT loyihalar bo‘yicha muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan Umar Ulforiq Rustamov.

O‘z oldiga ulkan niyat va maqsadlarni qo‘yib, istiqbol sari dadil qadam tashlayotgan yosh dasturchining bugungi faoliyati e’tibor va e’tirofga loyiq. Frilansing bo‘yicha faoliyat yuritish barobarida startap loyihalar ustida ishlayotgan tengdoshingiz oyiga 500 – 600 AQSh dollari miqdorida daromad qilmoqda. E’tiborlisi, u ayni paytgacha qilgan o‘z daromadi hisobidan oilasi uchun Gentra avtomashinasi ham oldi.

U rus, turk, arab, ingliz tillarini mukammal biladi. «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» va «Startap tashabbuslar» tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan Umar kelajakda o‘zining IT sohasida biznes faoliyatini yanada rivojlantirib, yirik loyihalar, dasturlar bo‘yicha ish olib borishni maqsad qilgan.

O‘QING: Diplomatiya universitetiga kira olmagan qiz Tesla’ga ishga kirdi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!