Naq 7000 mAh batareyali Galaxy M51 sotuvga chiqdi: narx va jihatlari

  •   DiMaX
  •  33775
  •  08.09.2020 17:02

Naq 7000 mAh batareyali Galaxy M51 sotuvga chiqdi: narx va jihatlari

Samsung kompaniyasi o‘zining eng «beli baquvvat» smartfoni – Galaxy M51 modelini 31 avgust kuni namoyish etgan edi. Bu qurilmasini u allaqachon Rossiyada savdoga chiqardi.

O‘QING: Ushbu 63 xil Samsung smartfon va planshetlari Android 11’gacha yangilanadi!

Galaxy M51 diagonaliga 6,7 dyuymlik Super AMOLED Plus ekranga ega. Tasvir aniqligi 2400x1080 pikselga teng bo‘lgan displey Infinity–O turiga mansub, ya’ni old kamera uchun unda tirqish ochilgan. Selfi uchun aniqligi 32 megapiksellik, aperturasi f/2.2 bo‘lgan kamera tanlangan (Apertura nima?).

Yangi gadjetning «elektron yuragi» sifatida Qualcomm SM7150 protsessori tanlangan. Mazkur chipset 2,2 GGs takt chastotasida ishlovchi ikkita samarador yadroni hamda 1,8 GGs chastotali, quvvat tejovchi oltita yadroni o‘z ichiga olgan.

Samsung Galaxy M51 korpusining orqa panelida kvadrokameraning 64, 12, 5 va 6 megapiksellik sensorlari «L» shaklida joylashgan; ular fotochaqnoq bilan birgalikda to‘rtburchak blokka olingan.

Kompaniya mazkur telefonini 6 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik doimiy xotira bilan chiqargan. Shuningdek, unda naq 1 terabaytgacha hajmli microSD-karta uchun slot ham ko‘zda tutilgan.

Galaxy M51 modelining sosiy o‘ziga xosligi – avval ham ko‘p ta’kidlaganimizdek, naq 7000 mA/soatlik akkumulyatoridir. Samsung uni 25 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan ta’minlagan.

Smartfon egasining shaxsiy ma’lumotlari himoyasiga korpusning o‘ng qirrasidagi barmoq izi skaneri mas’ul. Bundan tashqari, Galaxy M51 kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli bilan ham jihozlangan.

Samsung mazkur qurilmasini Rossiyada 29 990 rubl narxida sota boshladi; bu esa taxminan 393 AQSh dollariga teng keladi.

O‘QING: Galaxy A42 5G anboksing videosi: Samsung’ning eng arzon 5G-smartfoni boshqalarnikidan ikki karra qimmat ekan!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!