Narkotik sotuvchisi WhatsApp orqali antiqa tarzda qo‘lga tushdi

Narkotik sotuvchisi WhatsApp orqali antiqa tarzda qo‘lga tushdi

Zamonaviy texnologiyalar shunchalik rivojlanib ketdiki, jinoyatchilar ulardan qanchalik ehtiyotkorlik bilan foydalanishga urinmasin, fosh bo‘lib qolmoqdalar.

Janubiy Uels politsiyachilari narkotik moddasi sotib olish niyatida bo‘lgan mijozga WhatsApp orqali yuborilgan surat asosida jinoyatchini qo‘lga oldilar. Jinoyatchi sotuvchi ushbu suratda ekstazi tabletkalarini kaftiga qo‘ygancha, mijozga ko‘rsatayotgan bo‘lgan.

Mamlakatning Brijend shahrida politsiya bir necha oydan beri narkotik savdosi oshib borayotganini kuzatib kelayotgan edi. Bundan bir muncha vaqt avval politsiya narkotik moddalari sotib oluvchilarni hibsga olib, ular orqali sotuvchi kim ekanligini aniqlashga harakat qiladi. Biroq sotuvchi shu darajada ehtiyotkorlik bilan harakat qilar ediki, hatto mijozlar ham uning asl shaxsi haqida biror ma’lumotga ega emas edi.

Jinoyatchini fosh qilgan surat

 

Politsiya qo‘lga olingan olingan mijozlarning smartfonlaridagi ma’lumotlarni oylar davomida tekshiradi. Ammo, asosan, WhatsApp messenjeri orqali sotuvchi va mijoz o‘rtasida olib borilgan yozishmalarda kalavaning uchini topishga yordam beradigan hech qanday dalil yo‘q edi. Yozishmalar sotilayotgan tovar haqidagi asosiy ma’lumotlar va ularning narxi haqida edi.

Apple Watch qotillikni fosh etishga yordam berdi

Shunday kunlardan birida mobil qurilmalardagi dalillarni qayta ko‘zdan kechirayotgan politsiyachilardan biri sotuvchi tomonidan WhatsApp messenjeri orqali mijozga yuborilgan suratga e’tibor berib qoladi. Suratda narkotik tabletkalarni tutib turgan sotuvchi kaftining bir qismi ko‘rinib turar edi. Politsiyachi shu zahoti barmoq izlari orqali shaxsni aniqlash uchun suratni ekspertizaga yuboradi.

Biroq suratda sotuvchi barmog‘ining juda kichik qismi ko‘ringan edi, xolos. Shunday bo‘lsada, ekspertiza barmoq izini imkon qadar yuqori aniqlikda o‘rganishga harakat qiladi va olingan izlarga mos tushgan 11 nafar gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olinadi.

Natijada barmoq izi gumonlanuvchilar orasida bo‘lgan Elliot Morris ismli shaxsga tegishliligi aniqlanadi. Elliot Morris narkotik moddalar sotish aybi bilan muqaddam 8,5 yilga qamalgan bo‘lgan va politsiya shuncha o‘tgan vaqt davomida u haqida hech qanday shubhaga bormagan hamda sotuvchi u ekanligini hayoliga ham keltirmagan.