Narxlar osmonda: Xiaomi 13 seriyasi global bozorga taqdim qilindi!

Narxlar osmonda: Xiaomi 13 seriyasi global bozorga taqdim qilindi!

Ispaniyaning Barselona shahrida bo'lib o'tayotgan Mobile World Congress 2023 tadbirida Xiaomi kompaniyasi o'zining yangi avlod flagman smartfonlari: Xiaomi 13 seriyasini taqdim qildi. Aytish kerakki, ushbu smartfonlar ilk marotaba o'tgan yil oxirida Xitoyda debyut qilishgan edi.

Xiaomi 13 global seriyasi uchta yangi smartfonlarni o'z ichiga oladi. Bular Xiaomi 13 Lite, Xiaomi 13 va Xiaomi 13 Pro modellari bo'lib, ular bilan quyida batafsil tanishishingiz mumkin.

Xiaomi 13 Pro

Xiaomi 13 Pro qatordagi eng yuqori model bo'lib, u o'tgan yilgi Xiaomi 12S Ultra'ga o'rnatilgan 1 dyuymli Sony IMX989 – 50 MP (f/1.9) asosiy kamera sensorini bilan jihozlangan va u 23 mm fokus uzunligiga ega. Qolgan kameralar ham 50 MP bo'lib, ularning biri tasvirni optik barqarorlashtirish xususiyatga ega bo'lgan ultra-keng sensor bo'lsa, ikkinchisi 115 daraja ko'rish maydoni bilan 14 mm fokus masofasiga ega bo'lgan telefoto sensor hisoblanadi. Ular bilan 8K yoki 4K/60fps formatda videoga olish imkoniga egasiz. Uchlik kameralar bilan birga LED chirog'i va Leica yozuvini to'rtburchak kamera oroli o'z ichiga oladi. Ha, Xiaomi hozirda Leica bilan hamkorlik qilmoqda va bu, shubhasiz, tasvirlar sifatini oshirishi aniq.

Kameralardan uzoqlashmagan holda smartfon old tomoniga o'tamiz. Ekran yuqori markazidagi yumaloq tirqishdan 32 MP selfi kamera o'rin olgan. Yon tomonlari biroz egilgan ekranga keladigan bo'lsak, u 3200×1440 (WQHD+) piksellar rezolyutsiyasidagi 120 gerts yangilanish tezligiga ega bo'lgan va HDR+ qo'llab-quvvatlaydigan 6.73 dyuymli AMOLED displey bo'lib, u normal holatda 1200 nit, tashqarida, quyoshli muhitda esa 1900 nitgacha maksimal yorug'likka chiqa oladi.

Kapot ostiga qaraydigan bo'lsak, u yerda Qualcomm'ning Snapdragon 8 Gen 2 chipsetini ko'rishimiz mumkin. U 12 GB LPDDR5X RAM va 256/512 UFS 4.0 GB xotira bilan Android 13 ga asoslangan MIUI 14 operatsion tizimida ishlaydi. Uning bir kunga yetadigan batareyasi 4820 mA/soat bo'lib, siz uni USB Type-C porti orqali 120 Vt tezlikda simli yoki 50 Vt tezlikda simsiz quvvatlashingiz mumkin.

Xiaomi 13

Qatordagi o'rtacha model, Xiaomi 13, tashqi ko'rinishda o'z "akasi"dan deyarli farq qilmasa ham, texnik xususiyatlar borasida bunday deb bo'lmaydi. Smartfon 6.36 dyuymli 2400×1080 (FHD+) piksel rezolyutsiyasi va 120 gerts yangilanish tezligiga ega bo'lgan AMOLED displey bilan ta'minlangan va u ham 1900 nit maksimal yorug'likka chiqa oladi.

Tep-tekis ekran yuqorida markazida selfilar uchun 32MP old kamera o'rnatilgan. Orqa tomonda esa, ushbu model ham uchlik kamera tizimiga ega. Biroq, ular Pro modelda bo'lgani kabi yuqori darajadagi sensorlar emas: asosiy kamera 50 MP, ultra-kengi 12MP va telefotosi esa 10 MP.

Pro model kabi esa qurilma Snapdragon 8 Gen 2 chipsetida ishlaydi. Ushbu model nafaqat 12 GB, balki 8 GB RAM variantida ham taqdim qilinadi. Xotira esa faqat 256 GB. Batareya biroz kamroq, 4500 mA/soat, ammo u bir kunga yetishi aniq. Agar yetmay qolsa, uni 67 Vt tezlikda simli yoki 50 Vt tezlikda simsiz quvvatlab olishingiz mumkin.

Ikkala model ham 10 Vt tezlikda boshqa qurilmalarni zaryadlash imkonini beradi. Bundan tashqari ikkovi ham NFC, Wi-Fi 7 va Bluetooth 5.3 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi va IP68 sertifikati bilan suv va changga chidamli hisoblanadi. Smartfonlar uch yillik Android va besh yillik xavfsizlik yangilanishlarini olishadi.

Xiaomi 13 Lite

Xiaomi 13 liniyasidagi yangi model esa butunlay boshqa mavzu, lekin u yangilik emas. Asli o'tgan yilning sentabrida Apple'ning dinamik oroli stilidagi kamera tirqishi bilan Xiaomi Civi 2 nomi ostida ilk marta taqdim qilingan edi. Bu safar esa smartfon Xiaomi 13 Lite nomi bilan global bozorga taqdim qilinmoqda va u haqiqatda "lite", ya'ni "yengil" xususiyatlarga ega.

O'tgan yilgi Xiaomi 12 Lite davomchisi Snapdragon 7 Gen 1 chipsetida 8 GB LPDDR4X RAM va 128/256 GB UFS 2.2 xotira bilan Android 12 ga asoslangan maxsus MIUI 14 operatsion tizimida ishlaydi. Batareya 4500 mA/soat va uni 67 Vt tezlik bilan atigi 40 daqiqada 100% gacha quvvatlash mumkin. Boshlang'ich model simsiz quvvatlanish xususiyatiga ega emas.

Kameralarga keladigan bo'lsak, smartfon orqa tomonida Sony'ning 50 megapikselli (f/1.8) IMX766 sensori joylashgan va u o'tgan yilgi 12 Lite'ning 108 MP (f/1.9) kamerasida 123% ko'proq yorug'lik ushlay oladi. Qolgan 8 MP ultra-keng va 2MP makro kameralar esa o'tgan o'tgan yilgi modelnikidan farq qilmaydi. 

Smartfonning o'ziga xos xususiyati uning old ekranida joylashgan, Apple'ning "dinamik orol" stilidagi kamera tirqishidan o'rin olgan ikkilik selfi kameralari bo'lib, ularning biri 32 MP asosiy, ikkinchisi 8 MP portret sensorlardir. Bunda 8 megapikselli ikkinchi selfi sensor yanada tabiiy bokeh effektlari uchun xizmat qiladi.

Xiaomi 13 Lite modeli 1080×2400 piksel rezolyustiyasidagi 120 gerts yangilanish tezligiga ega 6.55 dyuymli AMOLED, HDR+ ekranga ega va u 1000 nit maksimal yorug'likka chiqish qobilyatiga ega. Ushbu ekran Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan. Smartfonning o'zi esa IP53 sertifikatini olgan. Shuningdek, smartfon 5G, Wi-Fi 6, Bluetooth 5.2 va NFC qo'llab-quvvatlanishiga ega.

Narxlar

Xiaomi 13 seriyasi Yevropa va Osiyo mamlakat bozorlarida sotuvga chiqariladi va ularning narxi quyidagicha:

  • Xiaomi 13 Pro – 1299 yevro
  • Xiaomi 13 – 999 yevro
  • Xiaomi 13 Lite – 499 yevro

Xiaomi xuddi atayin qilgandek, sotuvlarni 8-martdan boshlashni niyat qilgan. Bayram uchun ajoyib sovg'a shunday emasmi?

O'QING: Sun’iy yo‘ldosh orqali 2 tomonli xabar almashishni qo‘llab-quvvatlaydigan ilk smartfonlar taqdim qilindi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.