Navbat Galaxy S23 Ultra'ga!

Navbat Galaxy S23 Ultra'ga!

Samsung o'zining yangi Galaxy S23 flagmanlarini taqdim qilishiga 2 haftacha vaqt qoldi. Kutilganidek, taqdimotga yaqin bo'lajak smartfonlarga oid ma'lumotlar tarqalishi ko'paya boshladi. Bundan avval biz Galaxy S23 va Galaxy S23+ rasmiy texnik xususiyatlari bilan tanishgan edik. Navbat qatordagi eng yuqori bo'lgan Galaxy S23 Ultra'ga!

Ulashilgan ma'lumotlarga ko'ra, Galaxy S23 Ultra smartfoni 78.1×163.4×8.9 mm o'lchamda 233 gramm og'irlikka ega bo'ladi va u IP68 sertifikati bilan suv changdan himoyalanadi. Uning Infinity-O ramka dizaynidagi Dynamic AMOLED ekrani 6.8 dyuym bo'lib, u QHD+ (3088×1440) rezolyutsiyasiga ega. Gorilla Glass Victus bilan himoyalangan ekran 120 gerts yangilanish tezligini qo'llab-quvvatlaydi.

Ekran yuqori markazidagi yumaloq tirqishdan o'rin olgan selfi kamera 12MP (f/2.2, HDR10+) bo'lib, u 4K formatida soniyasiga 60 kadr (fps) tezlikda videolar olish qobiliyatiga ega. Smartfon orqa tomonida esa 200MP (ha, rostdan ham) asosiy, 12MP ( f/2.2, 120°) ultra-keng va yana ikkita 10MP telefoto (biri f/2.4, 3x optik zum, ikkinchisi f/4.9, 10x optik va 100x masofaviy zum qobilyatlari, hamda, OIS) kameralari o'rnatilgan.

Smartfon 4 nm Snapdragon 8 Gen 2 chipseti bilan 8/12 GB operativ, hamda, 256/512 GB yoki 1TB doimiy xotirada Android 13'ga asoslangan One UI 5.1 operatsion tizimida ishlaydi. Uning 5000 mA/soat batareyasi 45 Vt tezlikda USB-C port orqali, 10 Vt tezlikda esa simsiz quvvatlanadi.

Aloqa borasida smartfon 5G, Wi-Fi 6E va Bluetooth 5.3 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi. Smartfonga ikkita nano SIM-karta solish, eSIM ulash mumkin. Qo'shimchasiga smartfon ekran ostida barmoq izini aniqlash skaneri, NFC, yuzni aniqlash skaneri va stilusga ega.

Galaxy S23 Ultra smartfoni qora, oq (krem ranggida), yashil va lavanda gul ranggida 1-fevral kuni chiqarilishi kutilmoqda.

O'QING: Galaxy S22 Ultra bilan suratga olingan film treylerini chiqarildi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!