Navbatdagi Samsung «avtonomlik monstri»ning ojiz nuqtasi – aynan akkumulyatorida!

  •   DiMaX
  •  649
  •  09.06.2021 09:25

Navbatdagi Samsung «avtonomlik monstri»ning ojiz nuqtasi – aynan akkumulyatorida!

Janubiy Koreyalik texnogigantning Galaxy M32 rusumli yangi smartfoni apreldayoq Geekbench servisida imtihon topshirgan edi. O‘shanda uning ayrim texnik xususiyatlari oshkor bo‘lgan, lekin Samsung hanuz mazkur modelini taqdim etganicha yo‘q.

O‘QING: Dunyo smartfon bozorining 70 foizi shu beshtagina kompaniyaga tegishli!

Galaxy M32 akkumulyatorining tok sig‘imi 6000 mA/soatlik; bu ko‘rsatkich Samsung smartfonlari orasida maksimal bo‘lmasa ham, mazkur smartfonni «avtonomlik monstri» deb atashga to‘sqinlik qilmaydi.

Kuni kecha AQShning Federal aloqa komissiyasi (Federal Communications Commission, qisqartmasi – FCC) ma’lumotlar bazasida Samsung Galaxy M32 modeli paydo bo‘ldi. Ushbu nufuzli tashkilot faqat bozorga chiqarishga tayyor mahsulotlarnigina sertifikatlashini hisobga olsak, mazkur smartfonning ham taqdimoti yaqin.

Ma’lum bo‘lishicha, Galaxy M32 smartfonining tezkor zaryadlanish quvvati atigi 15 vattga teng ekan. Hamyonbop smartfon uchun bu oddiy holat bo‘lishi mumkin, ammo naq 6000 mA/soatlik batareya uchun bu ko‘rsatkich ancha past. Ya’ni, bu telefonni quvvatlash jarayoni uzoq vaqt talab etadi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, mazkur smartfon MediaTek Helio G80 protsessori, AMOLED-displey hamda 48 megapiksellik bosh kameraga ega.

O‘QING: Samsung Galaxy smartfonlari narxlari bilan tanishamiz (2021 yil, iyun)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.