Navbatdagi Telegram versiyasi qanday yangiliklarni o'z ichiga olishi ma'lum bo'ldi!

Navbatdagi Telegram versiyasi qanday yangiliklarni o'z ichiga olishi ma'lum bo'ldi!

Telegram'ning Android va iOS qurilmalari uchun yangi beta versiyasi chiqarildi va u bir qancha o'zgarishlarni o'z ichiga olgan.

Kontakt profili uchun rasm yoki video taklif qilish/ularga o'zingiz xohlagan surat yoki video qo'yish

Navbatdagi Telegram yangilanishini bilan siz o'z kontaktlaringiz profili uchun rasm yoki video taklif qilishingiz mumkin bo'ladi. Buning uchun kontaktingiz profiliga o'tishingiz va o'ng yuqori burchakdagi uchta tugmadan "Kontaktni tahrirlash"ga bosib, u yerdan "Rasm taklif qilish"ni tanlashingiz kerak. Taklif qilmoqchi rasmingizni galareyangizdan tanlab bo'lganingizdan so'ng u suhbatdoshingizga qabul qilish uchun yuboriladi. Shuni aytish kerakki, ushbu funksiyadan foydalanish uchun Premium obuna kerak bo'lmaydi.

Shuningdek, agar xohlasangiz endi kontaktlaringiz profil suratiga o'zingiz istagan suratni qo'yib olishingiz mumkin. Albatta, u faqatgina sizga ko'rinib turadi. Ikkala funksiya hozirda faqat Android uchun Telegram'ning sinov versiyasida mavjud.

Suratlar va videolar uchun spoyler formati

O'tgan yilning 30-dekabridagi Telegram yangilanishida ilovaga matnlarni spoyler formati bilan yashirish imkoniyati paydo bo'lgan edi. Endilikda Telegram ushbu xususiyatni suratlar va videolar uchun ham kengaytirmoqda yoxud keyingi Telegram versiyasida siz surat yoki videolarni spoyler formati ortiga yashiringiz mumkin bo'ladi.

Buning uchun kerakli rasmni tanlaganingizdan so'ng yuqori o'ng burchakda paydo bo'ladigan uch nuqtadan "Spoyler bilan yashirish"ni tanlashingiz kerak. Qabul qiluvchiga surat spoyler formatida yetib boradi va u surat ustiga bosganidan keyingina kontentni ko'rishi mumkin bo'ladi.

Ta'kidlash joizki, yaqinda Telegram'da xuddi shunday funksiya bilan kontentni monetizatsiya qilish xususiyati paydo bo'lgan edi.

Guruh a'zolarini yashirish

Beta versiyadagi yana bir sezilarli o'zgarishlarning biri bu – guruh a'zolarini yashirish xususiyatidir. Ma'lum bo'lishicha, keyingi yangilanishda paydo bo'ladigan ushbu funksiyani faqat 100 dan ortiq obunachilarga ega guruhlarda yoqish mumkin bo'ladi. U yoqilganida esa barcha obunachilar, shu bilan birga, anonim guruh administratorlari guruh a'zolari ro'yxatida ko'rinmaydi. Faqat anonim bo'lmagan guruh administratorlarigina yashirinilmaydi. Funksiya guruh sozlamalarining "A'zolar" bo'limida joylashgan.

Omma uchun alohida profil surat

Telegram anonimlik sari yana bir kichik qadam tashlamoqda: keyingi yangilanish bilan siz omma uchun alohida profil surat yoki video qo'yishingiz mumkin bo'ladi. U faqat sizning asosiy profil suratingizni ko'rish taqiqlanganlar uchun ko'rinib turadi. Bu funksiya asosiy profil fotosini hamma ham emas, faqat sanoqli odamlar ko'rishini xohlaganlar uchun foydali bo'lishi mumkin.

Funksiyadan foydalanish uchun "Xavfsizlik va Maxfiylik" bo'limidagi "Maxfiylik" bo'limidan "Profil suratlari & videolari"ga o'tishingiz kerak. U yerda siz "Ommaviy surat o'rnatish"ni ko'rasiz. Ehtimol, bu vaqtinchalikdir, lekin hozir siz faqatgina bitta ommaviy profil surati o'rnatishingiz mumkin. Keyin siz yangilashingiz yoki olib tashlasangiz bo'ladi.

Aytish kerakki, bu g'oya yil boshida dizaynerlar tomonidan Telegram'ga taklif qilingan edi.

Yangilangan "Ma'lumot va Xotira" menyusi

Yangi Telegram versiyasidan Ma'lumot va Xotira menyusining quyidagi o'zgarishlar bilan yanada yaxshilanishini kutishingiz mumkin:

  • Diagramma bilan yangilangan xotira ko'rsatilishi;
  • Xotirani band qilib turgan "Boshqalar" haqida batafsil ma'lumot olish;
  • Chatlar, guruhlar va kanallar uchun keshlarni ma'lum bir muddatda avtomatik tozalash vaqtini o'rnatish;
  • Kesh hajmi uchun limit qo'yish imkoniyati va boshqalar;

Yangilangan dizayn, animatsiyalar va boshqalar

Yuqoridagi yangi xususiyatlar bilan birga Android uchun Telegram'da yangi kontakt qo'shish oynasi, media tahrirlovchisi, forumlar uchun xabarlar hisoblagichi, hamda "Xavfsizlik va Maxfiylik" bo'limi dizayni sezilarli darajada yangilangan. Qo'shimchasiga, Android'da xabarlardagi giperlinklar yoki javob xabarlarini bosganingizda yangicha animatsiyani, audiofayllar uchun vaqt kodlarini belgilaganingizda ularni bo'laklarga bo'linganligini ko'rasiz. Qolaversa, Android'da endi proksilar uchun QR-kodlar yaratishingiz ham mumkin bo'ladi.

Shuningdek, Telegram jamoasidan yangicha stiker va emojilar to'plamini kutib qolamiz. Ha, aytgancha yuqoridagi yangi funksiyalarni barchasi bepul yoxud hamma uchun!

Navbatdagi Telegram yangilanishi kelasi yilgacha chiqarilishi kutilmoqda.

O'QING: Galaxy S23+ va Galaxy S23 Ultra'ning rasmiy reklama posterlari tarqalib ketdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.