Navbatdagi Telegram yangilanishi haqida barchasi

Navbatdagi Telegram yangilanishi haqida barchasi

So'nggi oylarda Telegram'ga pullik Premium obuna qo'shilishi haqida juda ko'plab mish-mishlar tarqaldi. Messenjer asoschisi va rahbari Pavel Durov esa kecha buni rasman tasdiqladi. Telegram Premium obunasi shu iyun oyida navbatdagi yangilanish bilan chiqariladi. Xo'sh, navbatdagi Telegram yangilanishi Premium obunadan tashqari yana nimalarni o'z ichiga oladi? Quyida ilovaga qo'shilishi kutilayotgan bepul funksiyalar bilan tanishing:

Faqat guruh a'zolari uchun izoh qoldirish

Navbatdagi yangilanishda ilovaga qo'shiladigan eng foydali xususiyatlarning biri kanal administratorlari uchun bo'lib, bunda ular o'z kanallaridagi postlar ostiga kimlar izoh qoldirishi belgilay oladilar: hamma yoki faqat kanalga ulangan guruh a'zolari.

Ilova ikonkasini o'zgartirish

Telegram ilovasi ikonkasining avvalgisini yoqtiradiganlar uchun xushxabar: siz uni keyingi yangilanish bilan qaytarib olishingiz mumkin. Ha, albatta, endilikda ilova ikonkasini "Chat Sozlamalari" orqali o'zgartirsa bo'ladi. Bunda foydalanuvchilarga 3 xil bepul ikonka tanlovi berilgan; Premium obuna egalari esa 225 xil ikonkalardan birini tanlay oladilar.

Stikerlar va emojilar bo'limi

Keyingi ilova yangilanishida Telegram asosiy Sozlamalar menyusiga stikerlar va emojilarni boshqarish uchun yangi bo'lim qo'shiladi. U yerda siz tezkor reaksiyani sozlashingiz, emojilar bilan bog'liq sozlamalarni o'zgartirishingiz, stiker to'plamlaringizni ko'rishingiz va ularni boshqarishingiz, shu bilan birga yangi va mashhur stikerlarni ko'rib, o'zingiz uchun qo'shib olishingiz mumkin bo'ladi.

Yaxshilangan chat prevyusi

Telegram'da biron kim bilan suhbatlashayotganingizda siz chatni to'liq ochmasdan turib suhbatdoshigiz profil surati ustiga bosib turish bilan suhbatning prevyusini, ya'ni so'nggi xabarlarni ko'rishingiz mumkin va bu funksiya anchadan beri mavjud. Navbatdagi yangilanish bilan esa siz chat prevyusida nafaqat so'nggi xabarlarni, balki butun boshli chatni ko'rishingiz, shu bilan birga, chatni o'qilgan yoki o'qilmagan qilishingiz, chatlar ro'yxatida yuqoriga qadashingiz yoki aksincha qilishingiz, chatning bildirishnoma sozlamalarini to'g'rilashingiz yoki chatni o'chirib yuborishingiz mumkin.

Kategoriya bo'yicha mediani avtosaqlash

Sezilarli o'zgarishlardan yana biri bu - shaxsiy chatlar, guruh va kanallardan foto yoki videolarni to'g'ridan-to'g'ri galareyaga saqlanishini belgilab qo'yish imkoniyatining yaratilganidir.

Shuningdek, stikerlar uchun ham bir necha o'zgartirishlar kiritilgan. Masalan, yangi stikerlarni qo'shish tugmasi endi rangli, alohida ajralib turadigan qilingan. Qo'shimchasiga endi stikerni ustiga bosib turish bilan paydo bo'ladigan kontekst menyu ham biroz dizayn o'zgarishlariga uchragan: fon orqasi xiralashib turadi va kontekst menyu pastdan emas ekran o'rtarog'idan chiqib turadi.
Yana bir bor eslatib o'tamiz, bu funksiyalarning bari bepul bo'ladi.

Telegram Premium haqida gaplashadigan bo'lsak, eng avvalo, uning narxi oyiga 4.99 dollar, o'zbek so'miga 55.000 atrofida bo'ladi. Pullik obuna hozirgi mavjud bo'lgan barcha bepul funksiyalarni hech biriga ta'sir qilmaydi, aksincha, u qo'shimcha xususiyatlar bilan keladi. Premium obuna quyidagilarni o'z ichiga oladi:

  • 500 ta emas - 1000 tagacha kanal va guruhlarga obuna bo'lish;
  • asosiy chatlar ro'yxatida 5 ta emas - 10 tagacha chatlarni yuqoriga qadash;
  • kanal va superguruhlarda 10 ta emas - 20 tagacha ommaviy linklardan foydalanish;
  • 200 ta emas - 400 tagacha GIF saqlash;
  • 5 ta emas - 200 tagacha sevimli stikerlarni saqlash;
  • Bioda 70 ta emas - 140 tagacha simvollardan foydalanish;
  • rasm va videolar uchun 1024 ta emas - 4096 ta simvolli tavsif yozish;
  • 10 ta emas - 20 tagacha papka yaratish;
  • papkalar ichida 100 ta emas - 200 tagacha chatlarni yuqoriga qadash;
  • ilova ichida 3 ta emas - 4 tagacha akkaunt yaratish;
  • 2 Gb emas - 4 Gb gacha hajmdagi fayllarni yuklash;
  • media va boshqa turdagi fayllarni yuklab olishda cheklanmagan tezlik;
  • ovozli xabarlarni matnga o'girish imkoniyati;
  • reklamalarning yo'qolishi;
  • qo'shimcha animatsiyalangan reaksiyalar;
  • qo'shimcha effektlarga ega eksklyuziv stikerlar;
  • chatlarni boshqarishda qo'shimcha funksiyalar;
  • ism yonida Telegram'ni qo'llab-quvvatlashni bildiradigan nishon;
  • har doim animatsiyalanib turadigan profil videoavatari;
  • ilova ikonkasini o'zgartirish uchun 255 xil noyob ikonkalar to'plami.

Shuningdek, Durovning aytishicha, Premium obuna egalari Telegram'ning yangi funksiyalarini birinchi bo'lib sinab ko'rish imkoniyatiga ham ega bo'ladilar.

Ta'kidlash joizki, oddiy foydalanuvchilar ham pullik obunaning ayrim funksiyalaridan bahramand bo'lishlari mumkin. Masalan, ular pullik obuna egalari tomonidan yuborilgan eksklyuziv stikerlarni ko'rishlari yoki xabarlarga oldindan bildirgan premium reaksiyalarni bosa oladilar.

Shu va boshqa yangi funksiyalar bilan Telegram yaqin kunlarda yangilanishi kutilmoqda.

O'QING: "Mana shuning uchun biz bu oyda Telegram Premium obunasini taqdim etamiz"

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.