Navbatdagi Telegram yangilanishi shu yerda!

Navbatdagi Telegram yangilanishi shu yerda!

Telegram mobil ilovasi 9.3 versiyaga yangilandi va u biz avval xabar bergan quyidagi o'zgarishlarni o'z ichiga oladi.

Mediani yashirish

Roppa-rosa bir yil avval Telegram matnlar uchun spoyler formatini taqdim qilgan edi. Bu safargi yangilanish bilan esa ushbu xususiyat media uchun ham kengaytirildi, ya'ni, ha, endi siz rasmlarni ham xiralashtirilgan formatda yuborishingiz mumkin.

Qurilma xotirasini maksimal tejash

Ushbu yangilanishda "Ma'lumotlar va Xotira" bo'limi diagramma bilan yangilangan va endi siz chatlar, guruhlar va kanallar uchun alohida keshlarni avtomatik tozalash sozlamasini o'rnatishingiz mumkin – alohida chatlarga esa istisnolar qo'ysa ham bo'ladi.

Yangilangan media tahrirlovchisi

Ushbu versiyada siz media muharriri dizayni yangilanganligini ko'rishingiz mumkin. Endi u yerda xiralashtiradigan cho'tka, rasmdagi rangni aniqlash vositasi ham bor. Shuningdek, endi siz rasmga matn qo'shayotganingizda uning o'lchami, shrifti va fonini o'zgartirishingiz ham mumkin. Qolaversa, foydalanuvchilar Premium obunaga ega bo'lmasalar ham rasmlarga maxsus animatsiyali emojilar qo'shishlari mumkin.

Kontaktlar uchun profil suratlari

Avval aytganimizdek, ushbu yangilanish bilan siz kontaktlaringiz profiliga o'zingiz xohlagan rasmni qo'yishingiz, shu bilan birga, ularga ushbu rasmdan o'z profillarida foydalanishlarini taklif qilishingiz mumkin.

Ommaviy profil suratlari

Agar profil suratingizni ko'rishni faqat ma'lum bir odamlar uchun ochiq qilgan bo'lsangiz, qolganlar uchun ommaviy profil surati tanlashingiz mumkin. Ushbu funksiyani Sozlamalar > Maxfiylik va xavfsizlik > Profil rasmi bo'limidan topishingiz mumkin.

Guruh a'zolarini berkitish

Yangilanish bilan 100 dan ortiq obunachilarga ega guruh administratorlari endi a'zolar ro'yxatini berkitib qo'yishlari mumkin. Ushbu funksiya anonim bo'lmagan adminlar uchun amal qilmaydi.

Android uchun ilovada yangilangan animatsiyalar

Android uchun Telegram ilovasiga javob qilingan xabarlarga o'tishda va yana ayrim linklarni ochishga ravon animatsiyalar qo'shilgan.

Yangi animatsiyali emojilar

Kutilganidek, ushbu yangilanish maxsus animatsiyali emojilarning 10 ta yangi to'plamini o'z ichiga oladi.

Yangi interaktriv emojilar

Yuqoridagi animatsiyali emojilar Premium obuna egalari uchun bo'lsa, quyidagi emojilarning animatsiyali varianti (chatda yakka holda yuborilsa) hamma uchun chiqarilgan: 🎅🎄☃️💅🗿🆒🤪

Ayni damda yangilanish barcha uchun tarqatilmoqda. 

O'QING: Mashhur YouTuber 2022-yilgi eng yaxshi smartfonlarni aniqladi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!