Navbatdagi Telegram yangilanishida bizni nimalar kutmoqda?

Navbatdagi Telegram yangilanishida bizni nimalar kutmoqda?

2-3 oyda bir marta yangilanib, shunda ham atigi bir-ikki yangi funksiyalar qo'shadigan ayrim messenjer va ijtimoiy tarmoqlardan farqli o'laroq, Telegram o'zining yangi versiyasini deyarli har oy bir dunyo yangi xususiyatlar bilan chiqaradi. Durov messenjeri oxirgi marta yangilanganiga ham bir oydan oshdi. Bu vaqt oralig'ida Telegram bir bizga bir qancha yangi funksiyalar tayyorladi va endilikda ularni sinovdan o'tkazmoqda. Quyida navbatdagi Telegram yangilanishi bilan keladigan yangi funksiyalar bilan tanishing.

Quvvat sarflanishi

Yangi versiya bilan keladigan eng e'tiborli funksiyalarning biri bu "Quvvat iste'moli"dir. Bu Telegram'ning Sozlamalar menyusiga qo'shilayotgan butun boshli bo'lim bo'lib, unda siz quyidagilarni boshqaringiz mumkin bo'ladi:

  • Animatsiyalangan stikerlar - panel va chatlarni avtomatik animatsiyalanishni
  • Animatsiyalangan emojilar - panel, reaksiyalar menyusi va chatlarda avtomatik animatsiyalanishni
  • Chatlardagi animatsiyalar - orqa fon harakatlari, forumlarda yon menyuni, spoyler animatsiyalari va tungi rejimda chat yuqori panellaridagi xiralashishni o'chirib-yoqishni
  • Qo'ng'iroqlardagi animatsiyani
  • Videolarni avtomatik qo'yilishini
  • GIF'larning avtomatik qo'yilishini
  • Oynalar orasida animatsiyali o'tishni
  • Qurilmaning quvvatni saqlash rejimi yoniq bo'lganida Telegram'ni kam quvvat sarflanishini

Shuningdek, siz yuqoridagi boshqaruvlar bilan birga quvvat sarflanishini batareyangiz foiziga qarab belgilash imkonini beradigan slayderga ham ega bo'lasiz.

Yuqorida aytilganidek, siz Quvvat sarflanishi bo'limi to'g'ridan-to'g'ri Sozlamalar menyusidan, ya'ni profilingiz ostidan topishingiz mumkin bo'ladi.

Ko'rilgan xabarlar vaqti

Telegram'ning iOS va Android uchun beta versiyasida guruh a'zolari tomonidan ko'rilgan xabarlar aynan qachon ko'rilganligi vaqti ham qo'shilgan bo'lib, bunda o'quvchi xabarni birinchi marta emas, balki oxirgi marta qachon o'qiganligi vaqti ko'rsatiladi, shunda ham, foydalanuvchining xabarni o'qish vaqti u har doim xabarni ko'rganida emas, balki guruhga yangi xabar yuborilganidan keyin yangilanadi. Eslatib o'tish joizki, xabarlarni kim o'qiganligini ko'rsatish funksiyasi faqat 100 tagacha foydalanuvchilari bor guruhda ishlaydi va bu 7 kun saqlanib turadi.

Sozlamalar menyusida o'zgarishlar

Navbatdagi Telegram yangilanishi Android foydalanuvchilariga biroz o'zgartirilgan Sozlamalar menyusini taklif qiladi. Bunda menyuga yangi Quvvat iste'moli bo'limi qo'shilgan. Chat sozlamalari esa menyuning eng yuqorisiga joylashtirilgan. Menyudagi Stikerlar va Emoji bo'limi Chat sozlamalariga ko'chirilgan. Til sozlamalari ro'parasida esa endi ilovaga o'rnatilgan til nomi ko'rinib turadi.

Papkadagi barcha chatlarni o'qish

Yangi funksiyalarning yana biri esa sizga papkangizdagi barcha chatlarni o'qish imkonini beradi. Buning uchun papkani biroz ushlab turishingiz va paydo bo'lgan menyudan "Hammasini o'qish"ni tanlashingiz kerak bo'ladi.

Guruhga qo'shib bo'lmaydiganlar uchun havola yuborish

Ehtimol, bu yangi Telegram versiyasida bo'ladigan eng foydali funksiyalarning biri hisoblanadi: endi siz biron kimni guruhga qo'shayotganingizda ularning maxfiylik sozlamalari to'sqinlik qilsa, ularga siz o'sha vaqtning o'zidayoq guruhga qo'shilish uchun havolani yuborishingiz mumkin bo'ladi.

Video tezligi slayderi

Yangi Telegram versiyasi bilan siz video qo'yilishi tezligini salyder orqali 0.2x dan 2.5x gacha atigi 0.1x da tezlashtirishingiz yoki sekinlashtirishingiz mumkin bo'ladi. Slayder video oynasining o'ng yuqorida burchagidagi uch nuqtani bosish bilan paydo bo'ladigan menyuning Tezlik bo'limi joylashgan.

Xabarlarni uzatishda papkalarni ko'rsatish

iOS uchun Telegram'ning beta versiyasida xabarlarni uzatishda papkalarni ko'rsatish ham sinovdan o'tkazilmoqda. Bu esa sizga kerakli chatni tezroq topish imkonini beradi.

Yuqoridagi yangi funksiyalar bilan birga Telegram'dan yangi interaktiv stikerlar va maxsus animatsiyali emojilar to'plamini ham kutib qolamiz. Beta versiyada yangi funksiyalar paydo bo'lganligini hisobga olsak, navbatdagi Telegram yangilanishiga ham oz qoldi.