Nega 7 iyuldan Facebook ba’zi suratlarni tizimdan o‘chirishi mumkin?

Nega 7 iyuldan Facebook ba’zi suratlarni tizimdan o‘chirishi mumkin?

Joriy yilning iyun oyidan boshlab Facebook’ning ba’zi foydalanuvchilariga agar ular 7 iyulga qadar Facebook’ning Moments ilovasini yuklab olmasalar, ularning profillaridagi muayyan suratlarning avtomatik tarzda o‘chirilishi to‘g‘risida yuborayotgan xabarlari ko‘pchilikning vahimasiga sabab bo‘lmoqda.

Ammo, bu barcha suratlarga taalluqli emas. Ma’lumki Facebook’da 2012 yilda suratni sinxron usulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Feysbukdagi fotoalbomga yuklab oluvchi, suratlarni o‘rtoqlashish yanada qulay bo‘lgan “synced from phone” (telefondan sinxronlashtirish) funksiyasi ishga tushirilgan edi. Bu funksiyaga ega telefon suratni telefon xotirasiga emas, sinxron ravishda Facebook’ka yuklab oladi. Ya’ni, ijtimoiy tarmoq uning suratlari uchun xotira maydonchasi vazifasini o‘taydi.

Endi mazkur suratlarni sinxronlashtirish funksiyasi Facebook asosiy ilovalari orasidan olib tashlanib, o‘rniga Moments suratlar ilovasi qo‘yildi. Shu munosabat bilan, bu ilovani siz yuklab olmaydigan bo‘lsangiz, sizning suratlaringiz avtomatik ravishda 7 iyuldan so‘ng o‘chib ketadi. Ya’ni, ularning nusxasi o‘zingizda bo‘lmasligi mumkin. Moments ilovasini yuklab olish esa bepul.

Facebook’ning aynan sinxron usulda surat yuklaydiganlarga xabar jo‘natgani ma’lum qilinmoqda. Agar sizga bu xabar kelmagan bo‘lsa, demak siz bu funksiyadan foydalanmaysiz. Bu ogohlantirish ijtimoiy tarmoqqa onda-sonda yoki odatiy usulda suratlar yuklaydigan foydalanuvchilarga taalluqli emas.