Nega dasturchilar davlat ishlaridan qochishadi?

  •   DiMaX
  •  3154
  •  30.05.2018 15:54

Nega dasturchilar davlat ishlaridan qochishadi?

Oxirgi bir yil ichida barcha davlat tashkilotlari dasturchilarni ishga olish bo‘yicha juda ko‘p takliflarga ko‘zimiz tushyapti. Oylik maoshlar ham oldingidan ancha yuqori. Misol uchun, MIB 7-11 million so‘m miqdorida oylik maosh taklif qilyapti. Bundan tashqari, har bir davlat tashkiloti dasturchi mutaxassislarga muhtoj. Nega oylik maoshi yaxshi, qo‘shimcha imkoniyatlar mavjudligiga qaramasdan, dasturchilar hamon tashqi davlatlar bilan yoki frilancyer sifatida (erkin tartibda) ishlashni ma’qul ko‘rishadi? Agar bunga faqat oylik maosh kamligi sabab, desangiz – juda katta xato qilasiz. Bu yerda boshqa kamchiliklar ham mavjud. Keling, shular haqida gaplashsak.

Agar siz, «Barchasi maoshga borib taqaladi, agar sizga ham 2000$ oylik maosh taklif qilsa, albatta ishlashga borasiz», deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, iltimos – maqolaning davomini o‘qimang. Vaqtingizni sarflaganingiz qoladi.

Talabalik davrimda bitta loyiha ustida ishlaganmiz, tepamizda 3 ta «boshliq» bor edi. Bir kun kelib bittasi «bunday qilasizlar» deb ketsa, ikkinchisi kelib, «nega bunaqa qildinglar, boshqacha qilinglar», uchinchisi kelib esa, «sizlarga kim aytdi bunaqa qilasizlar deb», deganicha o‘z talablarini qo‘yib ketardi. Oxir-oqibat, loyihani o‘zimiz bilgancha tugatib, ishdan bo‘shab ketganmiz. Shu paytlar hech kim «nima ish qildinglar», deb emas, balki aksincha – «qog‘ozda nimalar yozilgan», deb qiziqishardi va shu tariqa pulning asosiy qismini 3 ta «boshliq» taqsimlab olib, ozgina «shamoli» dasturchilarga tegardi. Hozir vaziyat ancha yaxshilashgan, oldingiday 3 ta «boshliq» emas. Lekin shuncha islohotlar bo‘lishiga qaramasdan, haligacha tizim biz dasturchilar xohlaganday shakllanmagan. Bunga asosiy sabab, loyihaga bosh bo‘lgan «boshliq»ning «toshbaqa uchadimi» degan savoliga «yo‘q, uchmaydi, siz nima deyotganingizni bilasizmi, qaysi zamonda toshbaqa uchgan...» deb sal aqllilik qilsangiz na oylik maoshingiz ko‘tariladi, na o‘zingiz ko‘tarilasiz, na sizga bonuslar yoziladi. Siz qanchalik yaxshi mutaxassis bo‘lmang, boshliq baribir boshliq-da.

Birinchi sabab shu, yaxshi mutaxassis sifatida qilinayotgan ishning xatoligini bilib turib jim tura olmasligim meni davlat tashkilotida ishlab «boshliq»larga yaxshi ko‘rina olmasligimga sababchi bo‘lishidir.

Biz insonmiz, har qanday sharoitga moslasha olamiz. «Mayli, toshbaqa uchadi, faqat yerga tegib» deb «boshliq»qa sekin tushuntirarmiz. Asta-sekin «boshliq» ham bizlarni tushuna boshlar. Shu bilan birinchi muammoni hal qildik, deb endi ishlayman desangiz, ertalab 9:00 da ishda bo‘lishimiz shart lekin «boshliq» ketguncha hamma joyida o‘tirishi lozimligini eshitasiz-u, «eh» deb qo‘yasiz. Agar «boshliq»dan oldin ketsangiz – yana ancha narsadan quruq qolasiz. Bu nima degani endi. Biz kuni bo‘yi kompyuter oldida o‘tiramiz, kuni bo‘yi miyamizni ishlatamiz. Agar inson jismoniy mehnat qilsa, uyiga borib darhol uxlab qoladi, lekin aqliy mehnat bilan shug‘ullangan insonlarda uxlash juda qiyin bo‘ladi. Uyga soat 21:00 atrofida borsak (agar «boshliq»ning birorta ishi chiqib qolib ketgan bo‘lsa) yana ovqat yeb, miyaga dam berib uxlayman deguncha soat 00:00 atrofi bo‘lib qoladi. Ertaga yana chala uyqu bilan 9:00 dan kechga qolib borsangiz gap ham eshitasiz. Uyqusi chala bo‘lsa odam ishlagisi ham kelmaydi. Samaradorlik 50% gacha tushib ketadi.

Ikkinchi sabab, dasturchilarga erkin grafikda ishlashni tashkil qilish kerak. Chunki o‘zim ham vaqti kelganda kuniga 16 soatlab ishlayman, vaqti kelganda 4 soatlab ishlayman, lekin aytilgan ishni aytilgan vaqtida tugatish zarurligini juda yaxshi bilaman. Shundoq ekan, dasturchilarga ma’lum bir muddatga ishni berish kerak va shu muddat oralig‘ida uning qayerda va qanday sharoitda ishlaganini emas, balki ishni qanday tugatganligini nazorat qilgan holda baho berish kerak.

Ikkinchi muammoni hal qilish sal qiyinroq, chunki SSSR ta’siridan endi ozod bo‘lgan davlatga ishchilarning ishxonaga kelmay ishlashi bu «katastrofa». Mayli, bu muammoni ishxonani 24 soat ochiq holda qoldirib, ishchilarni kelgan va ketgan vaqtlarini nazorat qiladigan tizimlar orqali bir ilojini ham qilishar, deb xursand bo‘lsangiz, uchinchi muammo: ishxonaga ko‘ylak-shimlarda, galstuk (bo‘yinbog‘) taqib kelish kerak ekan. Nima emish – men «katta»lar bilan ishlarmishman. Shu kattalarning o‘zi shu klassik kiyimda bitta joyda qimirlamasdan, qattiq stulda o‘tira olarmikan-a?

Shunaqa qilib uchinchi sabab, kiyim masalasi. Biz dasturchilar bo‘lsak, mijozlar bilan ishlamasak, hech kimning ko‘ziga deyarli ko‘rinmasak, nega endi chiroyli kiyinib o‘tirishimiz kerak? Erkin, o‘zimizga mos kiyimlarda o‘tirib, ishni tezroq tugatganimiz ma’qul emasmi?

Biz XXI asrda yashayapmiz, oldinga intilishimiz kerak. Toshbaqalar uchadigan davrlar o‘tdi. Agar davlatimizning rivojlanishini xohlasak o‘z bilganimizcha emas, dunyo tajribasidan kelib chiqib sharoitlarni yaratishimiz kerak. Shundoq ekan, hech bo‘lmaganda quyidagicha qilinsa, o‘ylashimcha, hozirgidan ancha yengilroq bo‘lardi.

Birinchidan, birorta ishni boshlashdan oldin mutaxassisga topshirish va to‘laqonli o‘rganib, yakunlangan ish sifatidagina dasturchilarga topshirish, yo‘l-yo‘lakay o‘zgartirmasdan.

Ikkinchidan, «boshliq»lar aytgancha emas, yuqorida aytilganidek – tugallangan ish bo‘yicha qilish.

Uchinchidan, mayli, 9:00 da kelmasin, lekin kuniga 8 soat yoki haftasiga 40 soat ishlab bersin. Xohlasa bir kunda 16 soatdan 3 kun ishlasin, xohlasa 7 soatdan 6 kun. Albatta, ishxonaga kelgan holda. TimeDoctor kabi dasturlar yordamida ishchilarning uyda o‘tirib ishlagan yoki ishlamaganini bilish imkoni bo‘lishiga qaramasdan, yuqorida yozganimdek, ishxonaga bormaslik bu biz uchun «katastrofa».

To‘rtinchidan, yerto‘lada o‘tirsayam, erkin kiyinsin!

Agar mendan, «Yuqoridagi sharoitlar yaratilganda ishlarmidingiz?» deb so‘rashsa, «Balki propiska uchun, balki vatanga xizmat qilish hissi uyg‘onganida ishlashim mumkin», deyman. Lekin hozir «otib tashlashsayam» ishlashga bormagan bo‘lardim.

Manba: ©  Ruslan Abdullayev

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.