Nihoyat, bo‘lg‘usi bestseller – Galaxy M40 taqdim etildi: «gapiruvchi» ekran va uch modulli kamera!

  •   DiMaX
  •  3765
  •  12.06.2019 11:53

Nihoyat, bo‘lg‘usi bestseller – Galaxy M40 taqdim etildi: «gapiruvchi» ekran va uch modulli kamera!

Samsung kompaniyasi hamyonbop smartfonlar turkumida Galaxy M40 flagmanini tayyorlayotgani haqida ko‘plab xabarlar berganmiz. Nihoyat, Hindistonda uning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘QING: 11 iyunda chiqayotgan Galaxy M40 ham Geekbench’da imtihon topshirib ko‘rsatdi

Mazkur lineykaning avvalgi vakillari kabi, Galaxy M40 ham faqatgina internet-do‘kon – Hindistondagi Amazon sayti orqali sotiladi. Samsung unga 290 AQSh dollari miqdorida narx belgilagan; funksional imkoniyatlarini hisobga olsak, ushbu smartfon mahalliy bozorning yetakchisiga aylanishi turgan gap.

Galaxy M40 modeli ham, xuddi Galaxy S10 (sotib olish) flagmanlari kabi old kamera uchun tirqishli – Infinity-O displeyga ega (hamyonbop turkumda ilk bora). IPS matritsali ekran diagonaliga 6,3 dyuymlik bo‘lib, tasvir aniqligi Full HD+ formatida. Korpus old panelining 91,8% maydonini egallagan displeyning o‘ziga xosliklaridan biri – Screen Sound texnologiyasiga ega ekanligidir. Ya’ni, smartfonda dinamik yo‘q, ovozni bevosita displeyning o‘zi chiqaradi.

Ushbu modelda apparat qismining asosini Snapdragon 675 protsessori tashkil etadi. Tezkor va ichki xotira hajmi esa tegishlicha 6 va 128 gigabaytga teng; unga yana 512 gigabaytgacha hajmli microSD-karta o‘rnatsa bo‘ladi.

Korpusning orqa panelida, xuddi Galaxy A70 (xarid qilish) modelidagi singari uchtalik bosh kamera joylashgan. Undagi 32 megapiksellik asosiy datchik F/1,7 diafragmali ob’yektiv bilan birlashgan. Ikkinchi datchik aniqligi 8 megapiksel bo‘lib, keng formatli, ko‘rish burchagi 123 darajali, F/2,2 diafragmali ob’yektiv bilan hamrohlikda ishlaydi. Nihoyat, uchinchi modul 5 megapiksellik sensorga hamda F/2,2 diafragmali ob’yektivga ega bo‘lib, suratga olinayotgan sahnaning chuqurligini aniqlashga xizmat qiladi.

Galaxy M40 ekranidagi teshikka joylangan selfi-kamera esa 16 megapiksellik optik datchikka hamda F/2,0 diafragmali ob’yektivga ega.

Janubiy koreyaliklar ushbu smartfonning barmoq izi skanerini korpusning orqa paneliga o‘rnatishgan. Shuningdek, smartfonni blokdan chiqarish uchun old kameradagi Face Unlock funksiyasidan ham foydalanish mumkin.

Galaxy M40 akkumulyatorining tok sig‘imi esa avvalgi xabarlarda aytilganidek 5000 emas, balki 3500 mA/soatlik ekan. Batareya 15 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvat ola biladi. Qizig‘i shundaki, flagmanlarga o‘xshatib, Galaxy M40 modelini ham quloqchin ulanuvchi 3,5 millimetrlik standart audiotirqishdan mahrum etishgan. Demak, foydalanuvchilar yo simsiz garnituradan foydalanishlari, yoki USB-C porti orqali perexodnik yordamida quloqchin ulashlari mumkin bo‘ladi.

Umuman olganda, Galaxy M40 modeli o‘zining texnik xususiyatlari va dizayniga ko‘ra Galaxy A60 bilan deyarli bir xil. Ushbu smartfon One UI 1.1 interfeysi ostidagi Android 9.0 Pie operatsion tizimiga ega, lekin Samsung uni shu yilning o‘zidayoq Android Q’gacha yangilashga va’da bergan.

Galaxy M40 savdosi Hindistonda 18 iyunda boshlanadi va u ikki xil – Midnight Blue hamda Seawater Blue ranglaridagi (har ikkalasi ham gradiyentli) korpuslarda taklif etiladi. Hozirgacha global savdoga chiqqan ayrim Samsung telefonlarini esa atigi 451 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Galaxy A’larning bari arzonlashdi – Terashop.uz’da Samsung smartfonlari narxlari (2019 yil 10 iyun)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!