Nihoyat, HongMeng operatsion tizimli ilk gadjet namoyish etildi!

  •   DiMaX
  •  1824
  •  27.07.2019 15:51

Nihoyat, HongMeng operatsion tizimli ilk gadjet namoyish etildi!

Huawei kompaniyasi nafaqat Android, balki hatto iOS’dan ham zo‘r bo‘lgan HongMeng operatsion tizimini tayyorlaganini bilasiz. Xalqaro bozorga uning Oak OS yoki Ark OS nomi bilan chiqishi kutilayotgan edi, lekin Harmony OS deb nomlanishi ham mumkin...

O‘QING: Rasman: Huawei smartfonlari HongMeng tizimiga o‘tmasdan, Android’da qoladi! Lekin...

Kuni kecha Guanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Global Mobile Internet Conference marosimida Honor TV qisman ko‘rsatildi. Mazkur devaysni Huawei kompaniyasiga qarashli Honor brendi rahbari Jorj Chjao namoyish etdi.

Honor TV – ekrani o‘ta yupqa romli «aqlli» televizor bo‘lib, xitoylik texnogigantning HongMeng operatsion tizimida ishlaydi. Uning selfi-kamerasi «sun’iy ong» tizimi yordamida foydalanuvchining yuzini tanish qobiliyatiga ham ega.

Mazkur televizorning «elektron yuragi» – Honghu 818 protsessori «sun’iy idrok» uchun alohida chipni ham o‘z ichiga oladi. Shuning evaziga Honor TV tasvirni tahlil qilib, yorqinlikni va ranglarning to‘yinganligini o‘zi optimal darajada sozlaydi, shovqinlarni kamaytiradi va kontrastni oshiradi. Ushbu chip videooqimni real vaqt rejimida 30 gerslik 8K yoki 120 gerslik 4K formatiga o‘tkazib bera oladi.

O‘QING: Redmi endi 4K-televizorlar ham taqdim etadi, narxlari kulgili!

Honor TV old kamerasini videochat orqali muloqot qilish uchun ham, to‘ldirilgan reallik o‘yinlari va ilovalaridan foydalanish uchun ham qo‘llasa bo‘ladi.

Huawei mazkur televizorlar turkumini hozircha faqat Xitoyda sotmoqchi, keyinchalik esa Hindiston va boshqa mamlakatlar bozoriga ham chiqarishi mumkin. Honor TV uchun allaqachon Vmall, Tmall hamda JD.com kabi hamda kompaniyaning o‘z internet-magazinida oldindan buyurtma olish boshlangan.

Darvoqe, janob Chjao so‘zlariga ko‘ra, 9 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Huawei Developer Conference anjumanida yangi smartfon taqdim etiladi. Unda ham yangi – HongMeng operatsion tizimi qo‘llanishi ehtimoldan xoli emas.

Hozircha esa Android tizimli, global proshivkali ba’zi Huawei smartfonlarini Terashop.uz onlayn do‘konimizdan sotib olish mumkin. Ayrim kompaniyalarning turli televizorlarini esa u yerda 950 000 so‘mdan boshlangan narxlar evaziga xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Million dollarlikdan oshiq qalbaki Huawei smartfonlarini yasab sotgan yashirin sex fosh etildi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!