Nihoyat, IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha AKT vazirligi Bayonot berdi

  •   DiMaX
  •  3795
  •  24.09.2020 09:08

Nihoyat, IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha AKT vazirligi Bayonot berdi

Keyingi bir necha kun mobaynida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha bir necha xabarlar e’lon qilib kelmoqdamiz. Endi shu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bayonoti e’lon qilindi va uni quyida keltirmoqdamiz.

O‘QING: Nihoyat, smartfonlar IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibida o‘zgarish bo‘ldi!

Ma’lumki, mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va 2019 yil 17 sentyabrdagi 778-sonli «O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risi»dagi qarorlariga asosan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan. Bu tizim dunyoning ko‘p mamlakatlarida amaliyotda qo‘llanib kelinmoqda. Maqsad ma’lum, iste’molchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalarning kirib kelishi hamda uning noqonuniy savdosining oldini olishdir.

Nizomga asosan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilangan bo‘lib, unga asosan jismoniy shaxslar uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni onlayn (veb-sayt, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, masofaviy SMS/USSD-so‘rovlar) yoki ro‘yxatdan o‘tkazish punktlariga shaxsan murojaat qilish orqali amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.

Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pasport ma’lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishlari talab qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport ma’lumotlariga asosan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiriladi.

Shu maqsadda Tizim operatori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Biroq, ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi shaxs bilan Tizim operatori o‘rtasida bevosita kontakt bo‘lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma’lumotlarini aynan shu shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda.

Uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda respublikamiz hududiga olib kirgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida Tizim operatori huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda ishlamoqda.

O‘QING: Smartfonlarni UZIMEI tizimida noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazib kelgan jinoiy guruh fosh etildi!

Respublika hududida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli qarorining 2-bandida «O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish va qo‘llash, ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish bo‘yicha vakolatli organ» deb belgilangan.

Shu asosda «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi — Tizim operatori Jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shaxsning pasport ma’lumotlari, uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanishini kamaytirish uchun mobil qurilmalarni uchinchi shaxslarning shaxsiy ma’lumotlaridan (pasport ma’lumotlari va telefon raqamidan) foydalanish orqali ro‘yxatdan o‘tkazish holatlarining oldini olish maqsadida mobil qurilmalarni ro‘yxatdan ŭtkazish jarayoniga qo‘shimcha tekshiruv algoritmi kiritildi. Ya’ni, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilganligi talab etiladi.

Xalqaro telekommunikatsiyalar ittifoqi va Yevropa intellektual mulk agentligi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, ayni paytda noqonuniy uyali aloqa vositalari savdosi dunyo bozorida salmoqli miqdorni tashkil qiladi. Achinarlisi, ko‘pincha bundan oddiy iste’molchi zarar ko‘rish holatlari judayam ko‘p.

Yuqorida ta’kidlanganidek, dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda (Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Belgiya, Daniya, Finlyandiya, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, AQSh, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa davlatlar) noqonuniy, o‘g‘irlangan va qalbaki uyali aloqa vositalari savdosining oldini olish, telekommunikatsiyalar sohasiga yo‘naltiriladigan investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsadida uyali aloqa telefonlarining IMEI raqamlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy qilingan.

2019 yilning 1 yanvaridan 15 sentyabrgacha respublikamiz hududiga 58,8 ming dona mobil qurilma importi amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida mobil qurilmalarning import xajmi 7,7 barobarga oshgan.

Aholi va jamoatchilik orasida mobil telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini bo‘yicha ko‘pincha aholini chalg‘ituvchi talqinlar ham mavjud va kuzatilmoqda. Shu yerda bir qator ma’lumotlarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Bugungi kunda mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali 47,14 mln. dan ziyod IMEI-kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Jumladan:

  • 2019 yil 1 apreldan 2019 yil 1 noyabrgacha – 42,61 mln. IMEI-kodlari avtomatik tarzda;
  • 2019 yil 1 noyabrdan 1 dekabrgacha – 1,47 mln. ta IMEI-kodlari bepul ravishda operatorga murojaat etish orqali;
  • 2020 yilning 1 yanvaridan 15 sentyabrgacha – 3,06 mln. IMEI-kodlar pullik asosda: shundan 691,1 ming dona import qiluvchilar (22,5 foiz), 51,5 ming dona mahalliy ishlab chiqaruvchilar (1,7 foiz), 2,323 mln. dona jismoniy shaxslar (75,8 foiz) tizimda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Mobil qurilmalarni identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimi amaliyotga joriy etilgandan so‘ng 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 15 sentyabrga qadar mobil qurilmalarning import hajmi 911 882 donani (47,3 mln. dollar) tashkil etdi.

Mobil qurilmalar asosan Xitoy, Vetnam, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va Qozog‘iston davlatlaridan import qilingan bo‘lib, import qiluvchilar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 taga yoki 2,7 barobarga oshgan.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi IMEI-kodlarni ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazishga urinish singari holatlarga vakolatlari organlar bilan hamkorlikda tegishli choralar olib borayotir va bu uzluksiz davom ettiriladi.

O‘QING: IIV: «Sizda IMEI-kodlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa...»

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!