Nihoyat, OnePlus 6T namoyish etildi: daktiloskopli ekran, yaxshilangan kamera va sig‘imdor akkumulyator!

  •   DiMaX
  •  1048
  •  30.10.2018 09:35

Nihoyat, OnePlus 6T namoyish etildi: daktiloskopli ekran, yaxshilangan kamera va sig‘imdor akkumulyator!

«Flagmanlar kushandasi» deya ta’riflanuvchi smartfonlar chiqaruvchi OnePlus kompaniyasi, nihoyat, navbatdagi flagmanini taqdim etdi. Aslida bu namoyish tadbiri bugun o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo Apple sababli uni bir kun oldinga surishga to‘g‘ri kelgan.

O‘QING: OnePlus 6T: ishlash qobiliyati testdan o‘tkazildi va barchasi ayon bo‘ldi

Xullasi kalom, Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida namoyish qilingan OnePlus 6T flagmanining xususiyatlariga to‘xtalib o‘tamiz. Avvalo, so‘nggi yillardagi trendga ergashib, kompaniya bu smartfonini 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishidan mahrum qilgan. Ammo uning jamlanmasida tegishli USB-C portiga 3,5 mm.lik quloqchin shtekerini ulash uchun tegishli perexodnik ham mavjud. Bundan tashqari, kompaniya 20 dollarlik, OnePlus Bullets rusumli, USB-C portli quloqchin ham taqdim etgan.

OnePlus 6T modelining eng o‘ziga xos qismlaridan biri – uning diagonaliga 6,41 dyuymlik ekranidir. Tasvir aniqligi 2280x1080 pikselni tashkil etuvchi displeyning tepasida tomchisimon «kemtik» mavjud. Shuningdek, ekranning pastki yarmida ishlovchi daktiloskopik skanerini ham alohida ta’kidlash o‘rinli. Ushbu sensor juda tez ishlaydi – barmoq izini 0,34 soniyadayoq tanib oladi.

Smartfonga 3700 mA/soatlik tok sig‘imiga ega akkumulyator o‘rnatilgan, bu esa OnePlus 6 modelidagidan 12 foizga oshiq. 20 vattlik Dash Charge yordamida atgi 30 daqiqada OnePlus 6T bir kun ishlashiga yetarli quvvat ola biladi.

Kameraning apparat qismlari xuddi OnePlus 6 modelidagi singari – bosh kameraga 16 va 20 megapikselli, F/1,7 diafragmali datchiklar o‘rnatilgan. 20 megapiksellik old kamera diafragmasi esa F/2,0 ga teng. Ammo kamera dasturiy ta’minoti yaxshilangan, shuning evaziga u HDR yoqiq holda yanada yaxshi suratlar olishga qodir. Shuningdek, yangi – Nightscape rejimi tunda ham aniq rasmlar olish imkonini beradi. Bulardan tashqari, xuddi iPhone XS flagmanidagi singari studiyadagi yorug‘lik rejimi ham qo‘shilgan. OnePlus 6T kamerasining yangi imkoniyatlaridan biri – u soniyasiga 60 kadr tezligida 4K-video yozib olishni o‘rgangan. Shuningdek, soniyasiga 480 kadrlik tezlik bilan 720p sifatida roliklar yozish imkoni ham saqlab qolingan.

Yangi flagmanning «elektron yuragi» tarzida yakka kristalli Snapdragon 845 protsessori tanlangan. OnePlus 6T tezkor xotirasi 6 yoki 8 gigabaytlik, doimiy xotirasi esa 128 va 256 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Yaxshi jihatlaridan biri – unga boshidanoq Android operatsion tizimining eng yangi – 9.0 Pie talqini bazasidagi OxygenOS proshivkasi o‘rnatilgan. U smartfonni ekrandagi barmoq ishoralari orqali boshqarishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

OnePlus 6 hamda OnePlus 6T

Bazaviy versiyadagi – 6 GB tezkor va 128 GB flesh-xotirali OnePlus 6T qurilmasining narxi 549 dollardan boshlangan. Yangi flagmanning 8/128 gigabaytlik o‘rta talqini uchun 579 dollar, eng yuqori – 8/256 gigabaytlik versiyasi uchun esa 629 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi. Mazkur «aslo qotmas» smartfon AQShda 1 noyabrdan, Yevropada esa 6 noyabrdan savdoga chiqadi. Dastlab uni faqat ikki xil – jilosiz va jilodor qora tusli variantlarda chiqarishadi, keyinroq boshqa ranglarda ham taqdim etiladi.

O‘QING: Google ilovalari pulli bo‘lyapti – endi smartfonlar qimmatlaydimi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!