Nihoyat, Samsung eng arzon Galaxy M10 va M20 smartfonlari taqdimotini o‘tkazdi!

  •   DiMaX
  •  6947
  •  29.01.2019 09:20

Nihoyat, Samsung eng arzon Galaxy M10 va M20 smartfonlari taqdimotini o‘tkazdi!

Kutilganidek, Samsung kecha – 28 yanvar kuni Hindistonda taqdimot tadbirini o‘tkazdi. Unda yangi – Galaxy M turkumidagi ilk ikkita modeldagi smartfon namoyish etildi.

O‘QING: Samsung endi Xiaomi bilan bellasha oladi: Galaxy M smartfonlari kutilganidan ham arzon ekan!

Ushbu marosimda Infinity-V displeyga ega Galaxy M10 hamda M20 rusumli qurilmalar taqdim qilindi, Galaxy M30 namoyishi esa keyinroq bo‘lib o‘tadi.

Galaxy M10 modeli diagonaliga 6,2 dyuymlik, tasvir aniqligi 1480x720 piksellik ekranga ega. Asosiy kamerasi 13, selfi-kamerasi esa 5 megapiksellik. Smartfonning «elektron yuragi» – yakka kristalli Exynos 7870 chipidir. Bu protsessor 1,6 GGs takt chastotasidagi sakkizta yadroni hamda Mali-T830 grafik tezlatgichini o‘zida jamlagan.

Bu model xotira hajmiga ko‘ra ikki xil: boshlang‘ich versiyada 2 gigabaytlik tezkor va 16 gigabaytlik doimiy xotira bo‘lsa, ikkinchi versiyasida mazkur ko‘rsatkichlar tegishlicha 3 va 32 gigabaytga teng.

Galaxy M10 korpusining o‘lchamlari 160,6x76,1x7,9 millimetrni, vazni esa 163 grammni tashkil etadi. Orqa panelida barmoq izi skaneri, ichida 3400 mA/soatlik akkumulyator joylashgan.

O‘QING: Samsung Galaxy S10 smartfonlarining Yevropadagi narxlari ma’lum qilindi!

Galaxy M20 modeli esa o‘lchamlari va apparat qismiga ko‘ra undan kattaroq: 156,6x74,5x8,8 millimetrlik korpusi 186 gramm tosh bosadi. Tasvir aniqligi 2340x1080 piksellik bo‘lgan displeyning kattaligi diagonaliga 6,3 dyuymga teng. Samsung unga o‘zining yangi ishlanmasi – yaqinda taqdim etilgan Exynos 7904 protsessorini o‘rnatgan. Bu smartfon tezkor xotirasi 3-4 gigabaytlik, flesh-xotirasi esa 32 va 64 gigabaytlik talqinlarda chiqariladi. Uning akkumulyatori esa hayratlanarli – naq 5000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega! Shuningdek, bu model zamonaviy USB-C portiga ega ekanligi bilan ham «uka»sidan farqlanadi. Ammo kameralari xuddi Galaxy M10 modelidagi singari – 13 va 5 megapiksellik yakka datchiklar.

Galaxy M10 hamda Galaxy M20 quloqchinlar uchun standart 3.5 millimetrlik audiotirqishga ega. Har ikkala smartfon Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini bazasidagi Samsung Experience 9.5 interfeysi bilan ishlaydi. Ammo kompaniya ularning ikkalovini ham Android operatsion tizimining eng yangi – 9.0 Pie talqinigacha yangilashga va’da bergan.

Ushbu smartfonlarning savdosi Hindistonda 5 fevralda boshlanadi, taqdimotda ularning narxlari ham e’lon qilindi. Galaxy M10 modelining 2/16 gigabaytlik talqini 112 dollarga, 3/32 gigabaytligi esa 126 dollarga baholangan. Galaxy M20 esa salgina qimmatroq: 3/32 gigabaytligi 155, 4/64 gigabaytligi bo‘lsa 183 dollar. Har ikkala smartfon ko‘k va qora korpuslarda taqdim etiladi.

Galaxy M10 hamda M20 modellari Hindistondan tashqarida ham sotilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q, biroq ayrim Samsung smartfonlarini 883 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish mumkin.

O‘QING: EKSKLYuZIV: Galaxy S10+’ning eng sifatli «jonli» surati internetda ilk bor Terabayt.uz’da!