Nihoyat, Samsung ikki ekran va olti kamerali Galaxy Fold buklama smartfonini taqdim qildi! (+video)

  •   DiMaX
  •  2816
  •  21.02.2019 16:42

Nihoyat, Samsung ikki ekran va olti kamerali Galaxy Fold buklama smartfonini taqdim qildi! (+video)

Samsung kompaniyasi 20 fevral kuni San-Fransiskodagi tadbiriga buklama smartfonini olib kelishi to so‘nggi lahzalargacha shubha ostida edi. Lekin shu tarixiy voqea chindan ham amalga oshdi!

O‘QING: Samsung’ning 5G-modeli va Galaxy F buklama smartfoni ilk rasmiy reklama videosida!

So‘nggi mish-mishlarda aytilayotganidek, bu gadjet Samsung Galaxy Fold nomini oldi. U buklanuvchi, diagonali 7.3 dyuymlik Infinity Flex Display nomli displeyga ega. Tasvir aniqligi 2152x1536 piksellik bo‘lgan, Dynamic AMOLED panelli mazkur ekranda bir vaqtning o‘zida uchta ilova oynasi ishlay oladi. YouTube, Microsoft Office hamda WhatsApp allaqachon bu ekranga moslab optimizatsiya qilingan, Samsung hozirda yangi formatdagi ekranni Android tizimi bilan butkul moslashtirish uchun Google bilan hamkorlik qilmoqda. Smartfonni har gal ochib yurmaslik uchun, uning tashqi tarafiga 4.6 dyuymlik yana bitta – 1960x840 piksellik displey joylangan.

Samsung Galaxy Fold xuddi kitobchadek ochiladi va yopilganida yoqimli chirqillagan ovoz chiqadi. Uni qanday rejimda ishlatayotganidan qat’i nazar, foydalanuvchi hamisha kamera ilovasini ochib, kerakli lahzalarni tarixga muhrlab qo‘ya oladi. Buning uchun qurilmaga naq uchta optik datchik qo‘llangan. Ya’ni, yopilgan holatidagi korpusning orqa panelida uch modulli bosh kamera mavjud, old yuzasida yakka ob’yektivli kamera bor. Bulardan tashqari, korpus ochilganida ichki tomonida ham qo‘sh modulli kamera bor.

Mazkur inqilobiy smartfon 7 nanometrlik texnologik jarayonda tayyorlangan 8 yadroli protsessor bazasida ishlaydi. Samsung namoyish davomida «AP chipset» deb atagan bu chip Snapdragon 855 bo‘lishi mumkin. Unga naq 12 gigabaytlik tezkor xotira ko‘makchi bo‘ladi, devaysning doimiy xotirasi hajmi esa 512 gigabaytga teng.

Quyida mazkur devaysga bag‘ishlab tayyorlangan rasmiy videorolikni ko‘ramiz:

Samsung bu planshet-smartfonini tok bilan ta’minlab turish uchun ikkita akkumulyator o‘rnatgan, ularning umumiy sig‘imi 4380 mA/soatga teng.

Galaxy Fold kumush rang, qora, yashil-tillarang va ko‘k tuslardagi korpuslarda shu yilning 26 aprelidan savdoga chiqariladi.

Uning narxi ham o‘ziga yarasha – 1980 AQSh dollaridan boshlanadi. Shuningdek, Samsung ushbu gadjetning 5G tarmoqlarida ishlovchi modifikatsiyasini ham tayyorlamoqchi.

O‘QING: Galaxy A50 o‘rta narxli bo‘lsa-da, 5G tarmog‘ida ishlay oladi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.