Nihoyat, smartfonlar IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibida o‘zgarish bo‘ldi!

  •   DiMaX
  •  7307
  •  23.09.2020 09:05

Nihoyat, smartfonlar IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibida o‘zgarish bo‘ldi!

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarni uchinchi shaxslarning shaxsiy ma’lumotlaridan (pasport ma’lumotlari va telefon raqamidan) foydalanish orqali ro‘yxatdan o‘tkazish holatlarini oldini olish maqsadida tizim operatori tomonidan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda UZIMEI xabariga tayanib Qalampir.uz yozmoqda.

O‘QING: Smartfonlarni UZIMEI tizimida noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazib kelgan jinoiy guruh fosh etildi!

Ushbu tartibga ko‘ra, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi ortidan karantin cheklovlari o‘rnatilib, xorijdan kelayotgan fuqarolar 14 kunlik karantinga olinadigan tartib o‘rnatildi. Ammo karantin muddatini o‘tab chiqqan fuqarolarda xorijdan olib kelgan telefon apparatlarini IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolar yuzaga kela boshladi. Emishki, ularning pasportiga boshqa telefon qurilmasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Vaholanki, ular xorijdan keliboq karantinga olingan.

Fuqarolarning bu boradagi oylar davomida bildirgan arz-dodlariga sentyarbr oyining boshidagina e’tibor berila boshladi. Birdan barcha mas’ul tashkilotlar «uyg‘onib», holat bo‘yicha surishtiruv boshladi. Shulardan biri Davlat bojxona qo‘mitasi bir haftada yopib qo‘yilgan chegaradan o‘tib, fuqarolarning pasportini suratga olib, o‘z foydasiga ishlatayotgan jinoiy guruhni aniqladi. Yana biri Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshlagan surishtiruv esa, mana 20 kundirki yo yakunlanmadi, yo yakunlandi-yu natijasi e’lon qilinmadi yoki boshlanganicha qolib ketdi. Buyog‘i endi vazirlikka ayon.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 2 iyul 2019 yil «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunining, 33-moddasiga muvofiq shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jazo O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 46-2-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 141-2-moddasi bilan belgilanib qo‘ilgan.

O‘QING: IIV: «Sizda IMEI-kodlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa...»

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!