Nihoyat, to‘rt modulli kameraga ega ilk smartfon – Samsung Galaxy A9 taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  3311
  •  11.10.2018 17:13

Nihoyat, to‘rt modulli kameraga ega ilk smartfon – Samsung Galaxy A9 taqdim etildi!

Smartfonning asosiy kamerasini ikkita ob’yektivli qilishni Apple boshlab bergan bo‘lsa, xitoylik gigant undan bir qadam ilgariladi – Huawei P20 Pro modelida uch modulli kamera qo‘lladi. Samsung Electronics kompaniyasi esa bosh kamerani biryo‘la to‘rtta datchikli qilib qo‘yaqoldi!

O‘QING: Galaxy A9s – Samsung’ning «to‘rtko‘z» kamerali ilk smartfoni!

Garchi shu paytgacha tarqalgan insayderlik xabarlari va taxminlarda jinubiy koreyaliklarning «to‘rtko‘z» kameraga ega smartfoni turlicha nomlar bilan atalgan bo‘lsa-da, bunga bugungi taqdimotda aniqlik kiritildi. Asosiy kamerasi naq to‘rtta ob’yektivni o‘z ichiga olgan dunyodagi ilk smartfon Galaxy A9 deb nomlandi.

Samsung’ning ta’kidlashicha, o‘rta narxli ushbu smartfon kamerasi har qanday murakkablikda suratlar olishni qoyillatadi – betakror selfidan tortib ideal panoramalargacha.

Asosiy kamera quyidagicha megapikselli va aperturali modullarga ega: 24 MP (f/1,7), 5 MP (f/2,2), 10 MP (f/2,2) va 8 MP (f/2,4). Shu tariqa, sensorlarning jami ko‘rsatkichi 47 million pikselni tashkil etadi. Shuningdek, keng burchakli (120 daraja) ob’yektiv hamda ikki karrali optik zum haqida ham so‘z boradi.  Kamera sensorlari ostida fotochaqnoq, orqa panelning o‘rtarog‘ida esa barmoq izi skaneri o‘rin olgan.

O‘QING: Naq yettita kamerali smartfonni kim tayyorlayotganini bilasizmi?

Galaxy A9 flagmanlardek «cheksiz» Super AMOLED Infinity displeyga ega. Diagonaliga 6,3 dyuymlik ushbu ekranning tasvir sifati Full HD+ formatida (2220x1080 pikselli). Old kamerasi esa maksimal diafragmasi f/2,0 bo‘lgan 24 megapikselli datchikdan iborat.

Yangi qurilma Qualcomm Snapdragon 660 protsessori bazasida ishlaydi. Mazkur chipset jamlanmasida 2,2 GGs takt chastotasiga ega bo‘lgan sakkizda Kryo 260 yadrosi, Adreno 512 grafik kontrolleri hamda 600 Mbit/soniyagacha tezlikda ma’lumot almasha oluvchi X12 LTE uyali modemi mavjud.

Galaxy A9 modelining tezkor xotirasi 6, doimiy xotirasi esa 128 gigabayt hajmga ega, yana microSD formatli xotira kartasi qo‘yish imkoni ham bor. Unda simsiz aloqaning Wi-Fi 802.11a/b/g/n/ac va Bluetooth 5.0 LE interfeyslari, zamonaviy USB Type-C porti, NFC moduli hamda GPS/GLONASS priyomnigi mavjud.

Korpusning o‘lchamlari 162,5x77x7,8 millimetrlik telefon 183 gramm tosh bosadi, unga 3800 mA/soatlik akkumulyator o‘rnatilgan. Operatsion tizim sifatida Android 8.0 (Oreo) talqini tanlangan.

O‘QING: Naq yettita kamerali smartfonni kim tayyorlayotganini bilasizmi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!