Nihoyat, Xiaomi atigi 300 dollarlik Pocophone F1 flagmanini taqdim etdi! (video)

  •   DiMaX
  •  5103
  •  22.08.2018 17:30

Nihoyat, Xiaomi atigi 300 dollarlik Pocophone F1 flagmanini taqdim etdi! (video)

Taxminan ikki oydan beri internetda Xiaomi’ning yangi brend ostidagi smartfoni haqida xabarlar kezib yuribdi. Uning deyarli barcha xususiyatlari ma’lum bo‘lgan, «jonli» surat va videolari ham tarqalgan.

O‘QING: Xiaomi’ning hamyonbop Pocophone F1 flagmani Geekbench’da OnePlus 6, Mi 8 va Galaxy S9+’larni ortda qoldirdi!

O‘zi va’da qilganidek, «xitoycha Apple» bugun Pocophone F1 rusumli o‘sha smartfonini rasman namoyish etdi. Mazkur devays 27 avgustdayoq Jakarta, Gonkong hamda Parijda biryo‘la savdoga chiqariladi. Yaqin orada bu flagman boshqa mamlakatlar bozorlariga ham taqdim etiladi, zero, Xiaomi uni butun jahondagi iste’molchilar uchun chiqarganini ta’kidlagan.

Xiaomi Pocophone F1 yakka kristalli Snapdragon 845 protsessori, 6/8 GB tezkor hamda 64/128/256 GB doimiy xotira bilan ta’minlangan. Uning narxi 300 dollardan boshlanadi; ya’ni mazkur gadjet ilg‘or Snapdragon 845 chipiga ega eng hamyonbop smartfondir. Uning yuqori talqini esa 415 dollarga narxlangan.

Ishlab chiquvchining o‘zi Pocophone F1 smartfonini «Master of Speed» – «Tezkorlik ustasi» deya da’vo qilmoqda. Issiqlik o‘tkazuvchi naychalar orqali sovitish tizimi mazkur flagmanning uzoq muddatda og‘ir yumushlar bajarganda ham qizib ketmasligini ta’minlaydi.

Ushbu flagmanning suyuq kristalli displeyi diagonaliga 6,18 dyuymga teng, piksellar sig‘imi esa 2246x1080 nuqtani tashkil etadi. Ekranning tepa qismidagi «o‘yiq»da old kamera hamda foydalanuvchining yuzini tanish tizimi o‘rin olgan.

Pocophone F1 asosiy kamerasi qo‘shaloq: 12 megapikselli Sony IMX363 sensori hamda 5 megapikselli qo‘shimcha datchikni o‘z ichiga oladi. Diafragmasi f/1,9’ga teng. Old kamera ham selfi ishqibozlariga qo‘l keladi: 20 megapikselli, f/2,0 diafragmali datchik.

Pocophone F1’ning «quvvat toshi» – 4000 mA/soat tok sig‘imiga ega akkumulyator bo‘lib, u 18 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Quick Charge 3.0 quvvatlash uskunasi ham smartfon jamlanmasining o‘zida mavjud.

Ushbu smartfon stereo ovoz yangratish uchun ikkita dinamik bilan jihozlangan. Shuningdek, u katta yuk bilan ishlaganda qizib ketishdan saqlovchi LiquidCool Technology tizimi bilan ham ta’minlangan.

Mazkur smartfonga Android Oreo operatsion tizim talqiniga asoslangan MIUI 9.6 proshivkasi o‘rnatilgan. Xiaomi uni yaqin orada Android 9 Pie bazasidagi MIUI 10 proshivkasigacha yangilashni va’da qilyapti. Mana, quyidagi videolavhada uning ishlashi namoyish etilgan:

Xiaomi bu flagmanini Graphite Black, Steel Blue hamda Rosso Red deb nomlanuvchi ranglardagi korpuslarda ishlab chiqarmoqda. Shuningdek, Armored Edition deb ataluvchi maxsus talqin ham bo‘lib, u 8/256 GB xotirali versiyada, 430 dollar narxida taqdim etiladi.

Xitoyning o‘zida Pocophone F1 savdosi 29 avgustdan boshlanadi. 27 avgustda esa uning Yevropadagi narxi ma’lum qilinadi. Bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzating.

O‘QING: 22 avgustda taqdim etiladigan Xiaomi Pocophone F1’ni hozirdanoq OLX onlayn bozoridan olish mumkin! (+video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.